Qirg‘izistonda joriy yil avgust oyi boshida Korumdu cho‘qqisida halok bo‘lgan ikki alpinistning shaxsi qarindoshlari tomonidan aniqlandi. Bu haqda Osh viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga tayanib, 24.kg nashri xabar berdi.
Alpinistlardan biri — 43 yoshli Belarus fuqarosi Maksim Polyanskiy, ikkinchisi — 37 yoshli Litva fuqarosi Sergey Rubsov.
«Ikkisining ham jasadi Oshdagi morgda. Ularni o‘z vatanlariga yuboradilar», — deya ma’lum qildi Ichki ishlar boshqarmasi.
Qidiruv-qutqaruv guruhi ishtirokchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, alpinistlar jasadlarini tog‘dan tushirish operatsiyasi uch kun davom etgan. 24 avgust kuni vertolyot 4300 metr balandlikdagi muzlikka besh nafar qutqaruvchini tushirgan. Shu kuni ular ikki jasadni topgan. Ertangi kuni jasadlar tog‘dan tushirilib, vertolyotda Sari-Toshga, keyin esa Oshdagi morgga olib borilgan.
Belaruslik uchinchi yo‘qolgan alpinist Nikolay Sviridovning jasadi yana ikki kun qidirilgan. Biroq, doimiy tosh va qor ko‘chkilari sababli qidiruv ishlari to‘xtatilgan.
Avval xabar qilinganidek, uch nafar xorijlik — Belarus fuqarolari Maksim Polyanskiy va Nikolay Sviridov hamda Litva fuqarosi Sergey Rubsov — 2 avgust kuni Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Ular 4 avgust kuni bazaviy lagerga tushishni boshlashi kerak bo‘lgan, ammo belgilangan vaqtda aloqaga chiqishmagan.
Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va ko‘ngillilar qidiruv operatsiyasini boshlagan. Ko‘p o‘tmay alpinistlarga tegishli shaxsiy buyumlar topilgan. Ular arqon bilan bir-biriga bog‘langan bo‘lgan. Bu alpinistlar bir arqon tizimida, ya’ni bir bog‘lamda harakatlanganini anglatadi. 16 avgust kuni qidiruvchilar dron tasvirlarida yo‘qolgan xorijliklarga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan jasadlar aniqlanganini ma’lum qilgan. Ammo og‘ir tabiiy sharoit tufayli qidiruv ishlari to‘xtatilgan. Ikki alpinistning jasadi 25 avgust kuni tog‘dan tushirilgan.
6613 metr balandlikdagi Korumdu cho‘qqisi Cho‘ng-Oloy tizmasida, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy chegaralari tutashgan hududda joylashgan. Tog‘ massivi tor qirlar, o‘tkir qoyali cho‘qqilar va tik yonbag‘irlardan tushuvchi muzliklari bilan ajralib turadi. Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilish eng yuqori murakkablik toifasiga kiradi. 2001 yilgacha turli mamlakatlardan kelgan ekspeditsiyalar bu cho‘qqiga bir necha bor chiqishga uringan, ammo muvaffaqiyatga erisha olmagan. Cho‘qqiga birinchi tasdiqlangan ko‘tarilish 2001 yil 12 oktyabrda Qirg‘izistonlik alpinistlar jamoasi tomonidan amalga oshirilgan.



