Qirg‘izistondagi eng yirik stadionning rasmiy ochilish marosimi sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi

«Bishkek Arena». Askat Alagozov fotosurati

Yangi «Bishkek Arena» stadionining rasmiy ochilish marosimi sentyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozovga tayanib, 24.kg nashri xabar berdi.

Askat Alagozovning so‘zlariga ko‘ra, 31 avgust kuni stadionda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Unda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga tashrif buyurgan davlat rahbarlari qatnashadi. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari jamoalarining paradi va qisqa konsert dasturi ham bo‘lib o‘tadi. Biroq, ushbu tadbirlarni stadionning rasmiy ochilish marosimi sifatida baholamaslik kerak.

«Mamlakat rahbariyati bunday yirik inshootlar qurilishi va keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda har bir qirg‘izistonlikning hissasi bor, deb biladi. Shu bois, ochilish marosimini bayramona muhitda, butun xalq ishtirokida o‘tkazishga samimiy intilish mavjud. Aynan shuning uchun stadionning rasmiy ochilishi sizlarning ishtirokingizda, alohida tantana, keng ko‘lam va yuqori bayramona kayfiyat bilan o‘tadi», — dedi Alagozov.

Musobaqalarning rasmiy dasturiga ko‘ra, Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari Qirg‘izistonda 31 avgustdan 6 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Asosiy sport va madaniy tadbirlar esa Issiqko‘l viloyatida tashkil etiladi.

«Bishkek Arena» 51 ming nafar tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, Qirg‘izistondagi eng yirik futbol stadioniga aylanadi. Loyiha FIFA talablarini inobatga olgan holda qayta ishlandi va shundan so‘ng arenaning sig‘imi dastlab rejalashtirilgan 45 ming o‘rindan 51 ming o‘ringacha oshirildi. Stadion 2031 yilgi Osiyo kubogini o‘tkazish maqsadida barpo etilmoqda. Mazkur musobaqani o‘tkazish uchun Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston birgalikda nomzodlik arizasini topshirgan.