2026 yilning birinchi yarmida Tojikiston — Afg‘oniston chegarasida afg‘onistonlik giyohvandlik moddalari kontrabandachilari bilan yettita qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Ushbu to‘qnashuvlar davomida Afg‘onistonning 17 nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda 13 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikiston Giyohvandlik vositalari nazorati agentligi (GNA) direktori Zafar Samad ma’lum qildi, deb xabar beradi Avesta.
Uning ta’kidlashicha, aynan Tojikiston — Afg‘oniston chegarasi mamlakatga giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirishga urinishlarning oldini olish bo‘yicha asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Olti oy davomida ushbu yo‘nalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar 1513 kilogramm giyohvandlik vositalarini musodara qilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida aynan shu chegara hududida 1692 kilogramm giyohvandlik vositalari olib qo‘yilgan edi.
Agentlik ma’lum qilishicha, kelib tushayotgan ma’lumotlar Afg‘onistonda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarilishi davom etayotganini, ularni tayyorlash bo‘yicha yashirin laboratoriyalar faoliyat ko‘rsatayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Tojikiston hududida ko‘knori yetishtirish va giyohvandlik vositalari ishlab chiqarish holatlari qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston hukumati so‘nggi yillarda mamlakatda giyohvandlik vositalari yetishtirish, ishlab chiqarish va noqonuniy aylanmasi deyarli butunlay bartaraf etilganini ma’lum qilgandi. BMTning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida Afg‘onistonda ko‘knor ekiladigan maydonlar hajmi 95 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari giyohvandlik moddalari savdosiga aloqador xorijiy fuqarolarni ushlash holatlari uch barobar oshganini qayd etgan. 2026 yilning birinchi yarmida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasida gumon qilinib, 28 nafar xorijlik qo‘lga olingan. O‘tgan yilning shu davrida esa bunday holatlar 10 tani tashkil etgan.
Qo‘lga olinganlarning asosiy qismini Afg‘oniston fuqarolari tashkil etgan — 18 nafar. Ulardan jami 601 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Bundan tashqari, 65 kilogramm giyohvandlik vositalari bilan olti nafar O‘zbekiston fuqarosi, 10 kilogramm bilan bir nafar Qozog‘iston fuqarosi, 5 kilogramm bilan ikki nafar Qirg‘iziston fuqarosi, shuningdek 11 kilogramm giyohvandlik vositalari bilan bir nafar Ukraina fuqarosi ushlangan.
Umuman olgpnda, respublika bo‘yicha 2026 yilning birinchi yarmida noqonuniy aylanmadan 2963 kilogramm giyohvandlik vositalari olib qo‘yilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 143 kilogramm yoki 5 foizga kam. Musodara qilingan giyohvandlik vositalarining asosiy qismini kannabis guruhiga kiruvchi moddalar tashkil etgan — 1741 kilogramm. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 293 kilogrammga yoki 14,4 foizga kam.
Olib qo‘yilgan opium va boshka opiat guruhiga kiruvchi giyohvandlik ishlab chiqarish hajmi 696 kilogramm tashkil qilgan. Bu utgan shu davriga nisbatan 221 kilogramga yoki 24 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, psixotrop moddalarni musodara qilish hajmi sezilarli darajada oshgan. Joriy yilning olti oyi davomida 526 kilogramm psixotrop moddalar olib qo‘yilgan bo‘lib, bu 2025 yilning birinchi yarmi ko‘rsatkichiga nisbatan 3,3 barobar ko‘pdir.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Tojikistonda 3959 nafar giyohvandlikka qaram shaxs narkologik hisobda turadi, ulardan 111 nafari ayollardir, deb xabar beradi «Xovar». Har 100 ming aholiga 39,6 nafar giyohvandlikka qaram shaxs to‘g‘ri keladi. GNA ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda eng past hisoblanadi.
Matbuot anjumanidan so‘ng 333 kilogramm giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi.



