Tojikiston hukumati asosan Rossiyadan yetkazib beriladigan yoqilg‘i importiga qaramlikni kamaytirish maqsadida o‘z neft va gaz zaxiralarini geologik qidirish ishlarini faol olib bormoqda. Shu bilan birga, loyihalarning aksariyati texnik jihatdan Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi hukumati huzuridagi Bosh geologiya boshqarmasi rahbari Ilhom Oymuxammadzoda ma’lum qildi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Xususan, gap Tojikiston depressiyasi hududidagi uchastkalar haqida bormoqda (Pomir, Hisor-Oloy va Hindikush tog‘ tizimlari oralig‘ida joylashgan tog‘lararo botiqlik). Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik mutaxassislar bu yerda katta hajmda geofizik tadqiqotlar o‘tkazgan va tegishli hisobotlarni Tojikistonning sohaviy idoralariga taqdim etgan.
Hozirda CNPC mutaxassislari seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Ularning natijalariga ko‘ra, quduq burg‘ilash uchun eng istiqbolli tuzilma qayerda joylashgani aniqlanadi. Ma’lumotlar joriy yil oxiriga qadar tahlil qilinishi kutilmoqda. Geologiya boshqarmasi vakili aniqlik kiritishicha, 7000 metr chuqurlikkacha bo‘lgan quduq burg‘ilash rejalashtirilgan. Bu ishlar yakunlanganidan keyingina ushbu hududda sanoat miqyosida neft va gaz zaxiralari bor-yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.
Oymuxammadzoda boshqa bir qator uchastkalar bo‘yicha ham ma’lumot berdi. Masalan, ilgari istiqbolli gaz koni deb hisoblangan Rangonda hozir ham xuddi shu CNPC kompaniyasi ish olib bormoqda. Xitoy kompaniyasi ushbu hududni o‘zlashtirish uchun litsenziya olgan, ammo xomashyo qazib olishni hali boshlamagan, chunki qo‘shimcha geologik qidiruv ishlarini o‘tkazishga qaror qilgan.
Sariqamish uchastkasida tayyorgarlik ishlarini Rossiyaning «Gazprom» korporatsiyasi amalga oshirgan. Bu yerda qariyb 6,5 ming metr chuqurlikda quduq burg‘ilangan, shundan so‘ng loyiha to‘xtatilgan. Sababi, bir nechta mahsuldor qatlamlar aniqlangan bo‘lsa-da, bu «topilma» gazning sanoat miqyosidagi zaxiralari borligi haqida xulosa chiqarish uchun asos bo‘lmagan.
Umuman olganda, Geologiya boshqarmasi rahbari ta’kidlashicha, hozircha mamlakatda aynan geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Ya’ni,
Tojikiston hozirga qadar hech bir uchastkada yirik neft va gaz konlarini tasdiqlamagan.
ℹ️ Tojikiston neft mahsulotlari importiga deyarli to‘liq bog‘liq. Respublikaga bunday mahsulotlarning asosiy yetkazib beruvchisi Rossiya hisoblanadi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya Markaziy Osiyo davlatining ushbu bozorida 84 foiz ulushni egallagan bo‘lib, 1,2 million tonnadan ortiq neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz yetkazib bergan. Energiya resurslari importida O‘zbekistonning ulushi nisbatan kam bo‘lib, qariyb 5 foizni, Qozog‘iston va Turkmanistonniki har biri 3 foizni, Belarusniki deyarli 3 foizni, Qirg‘izistonniki esa 0,5 foizni tashkil qiladi.
O‘tgan yil davomida Tojikiston xorijdan benzin va boshqa yoqilg‘i turlarini xarid qilish uchun 959 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Ta’kidlanishicha, mavjud holat ichki bozorni Rossiya neftni qayta ishlash sohasi va logistikasidagi har qanday uzilishlarga nisbatan juda sezgir qilib qo‘yadi.



