Yosh o‘zbek futbolchilari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodikov o‘z faoliyatini Portugaliyaning «Braga» klubi tizimida davom ettiradi. Ikkala futbolchining nomi 2026/27 mavsumiga tayyorgarlikni boshlagan futbolchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqda Portugaliya klubi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Komandaning U23 jamoasi uchun birinchi yig‘in 1 iyul kuni «Braga» sport markazida bo‘lib o‘tgan. Futbolchilar tibbiy ko‘rik va funksional testlardan o‘tkazilgan. Tayyorgarlikning boshida jami 31 nafar o‘yinchi qatnashgan. Hasanov va Sodikov qaydnomada hujumchilar sifatida ko‘rsatilgan. Jamoaga portugaliyalik mutaxassis Tiago Veyga boshchilik qilmoqda.
Futbolchilarning ikkalasi ham 18 yoshda bo‘lib, ular 2025 yilda 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida o‘ynagan. Hasanov turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va finalda Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda (2:0) gollardan birini urgan.
Ikkala futbolchi joriy mavsumda O‘zbekiston Superligasida ham debyut qilgan. Sodikov «Andijon» safida uchta o‘yin o‘tkazgan, Hasanov esa Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi uchun 6 ta uchrashuvda ishtirok etgan.
Avvalroq o‘zbek OAVlari Hasanov va Sodikov ijara asosida keyinchalik sotib olish huquqi bilan «Braga»ga o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Biroq FIFA qoidalariga ko‘ra, YEIdan tashqaridagi yuniorlar 18 yoshga to‘lmasdan professional shartnoma imzolay olmaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Hasanovni sotib olish narxi 250 ming yevro, Sodikovniki esa 300 ming yevro deb baholangan. To‘liq transfer holatida futbolchilar besh yillik shartnoma imzolashi mumkin. Shu bilan birga, «Braga» klubi o‘tishning huquqiy maqomi, shartnoma muddatlari va moliyaviy shartlarini oshkor qilmagan. Shuningdek, o‘zbek futbolchilari uchun alohida taqdimot ham o‘tkazilmagan.
O‘tgan yil boshida «Braga» yana bir o‘zbek hujumchisi — Xusayn Norchayevga ham qiziqish bildirgan, biroq transfer amalga oshmagan.



