O‘zbekiston hukumati afg‘on biznesmenlari uchun aviatsiya «yashil yo‘lagi»ni ochib beradi

Ulug‘bek Qosimov. Videodan kadr

O‘zbekiston hukumati afg‘on tadbirkorlari uchun «yashil yo‘lak» tashkil etishga rozilik berdi. Bu yo‘lak ularga respublikadagi xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘idan foydalanish imkonini yaratadi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz».

«Bu nimani anglatadi? Bu — bizdagi xalqaro aviaqatnovlarimizdan foydalanish huquqidir. Bunga rozilik berildi, endi komissiya tuziladi», — deb qo‘shimcha qildi hokim.

«Yashil yo‘lak» afg‘on biznesmenlariga O‘zbekiston orqali o‘z yuklarini xalqaro aviareyslar bilan uchinchi davlatlarga soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beradi.

Kosimovning so‘zlariga ko‘ra, masala 1 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan, Transafg‘on temir yo‘li logistika tizimidagi muammolar va yechimlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilingan. Yig‘ilishda chegaraoldi logistikasini rivojlantirish, soliq va boshqa imtiyozlarni joriy etish, shuningdek, logistika markazi uchun yer maydonlarini ajratishni nazarda tutuvchi yangi qaror loyihasi ko‘rib chiqilgan.

«Afg‘oniston bilan chegaramizda bor-yo‘g‘i 4 ta yo‘lak bor edi — ularning soni 12 taga yetkazildi. O‘tkazuvchanlik quvvati 350−400 ta yuk mashinasini tashkil etgan bo‘lsa, endi u 1000−1200 taga oshirildi. Vagon tashish bo‘yicha ko‘rsatkich kuniga 250 tadan deyarli 500 tagacha o‘sdi», — dedi Ulug‘bek Qosimov.

Hokim, shuningdek, daryo porti orqali yuk tashuvlar hajmi o‘sganini ta’kidladi.

«O‘tgan yili daryo porti orqali 250 ming tonnadan ortiq yuk tashilgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 220 ming tonnani tashkil etdi, bu qariyb ikki barobar ko‘pdir», — dedi hokim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, logistika xizmatlariga bo‘lgan talab ham xorijiy investorlar, ham mahalliy tadbirkorlar tomonidan ortib bormoqda.

«Aynan shu qaror bilan bir qator imtiyozlar berilmoqda, yer ajratilmoqda. Markazni tashkil etish uchun aynan chegaraoldi hududidan 50 gektar yer ajratilyapti. Shuningdek, biz afg‘on tadbirkorlari va o‘zimizning logistika kompaniyalari talablari bo‘yicha iltimosnomalar kiritdik va ular to‘liq qanoatlantirildi», — dedi hokim.

Yig‘ilishda shuningdek Afg‘onistondan mahsulotlarni reeksport qilish masalasi ham muhokama qilindi. Hokim ushbu mamlakatda katta miqdorda organik mahsulot yetishtirilishini ta’kidladi.

«Ularni sotish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha takliflar kiritdik. Ular ham to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, komissiya tuziladi», — dedi Kosimov.

Ta’kidlash eoiz, prezident matbuot xizmati 1 iyul kuni Mirziyoyevga transport-logistika tizimini rivojlantirish va O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi. Kosimov aynan shu yig‘ilishni nazarda tutganmi yoki alohida uchrashuv bo‘lganmi — bunga aniqlik kiritilmagan.

Taqdimotda Surxondaryo viloyatining Termiz tumani «Transafg‘on koridorining darvozasi» sifatida belgilanishi va u Xitoy — Markaziy Osiyo — Transafg‘on koridori — Pokiston transport yo‘nalishiga yo‘naltirilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yildan boshlab O‘zbekistonda «Termiz» xalqaro savdo markazi (XSM) faoliyat yuritmoqda. U Afg‘oniston bilan tovar aylanmasini yiliga 3 milliard dollarga yetkazish choralaridan biri sifatida ochilgan. XSM Surxondaryo viloyati hududidagi «Ayritom» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan. Xorijiy fuqarolar markaz hududida O‘zbekistonga kirish vizasisiz 15 kun davomida bo‘lishi mumkin. Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga esa XSM hududida do‘konlar va boshqa inshootlarni ijaraga olish hamda mulk sifatida xarid qilishga ruxsat berilgan.

2026 yil fevral oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston tovar aylanmasini 5 milliard AQSH dollariga yetkazishga kelishib oldi. O‘shanda so‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobar oshgani, ya’ni 2021 yildagi 653 million dollardan 2025 yilda 1,7 milliard dollargacha ko‘paygani qayd etilgandi.