Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev respublika yangi Konstitutsiyasining qabul qilinishi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. U 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Bu haqda Zakon.kz xabar berdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujjat 16,5 mingdan ortiq mahkumga taalluqli bo‘ladi.
IIV mulozimlarining ta’kidlashicha, amnistiya jamiyat uchun xavf tug‘dirmaydigan, odamlar hayotiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ma’muriy huquqbuzarliklar va ayrim jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan qilmishlar nuqtayi nazaridan qaralsa, yangi qonun birinchi navbatda zarar yetkazilmagan yoki yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan o‘rta og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etgan fuqarolarga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, ko‘plab mahkumlar uchun jazoning o‘talmagan qismi muddatlari qisqartiriladi.
“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 16,5 mingdan ortiq odam yangi hayot boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular orasida taxminan 2900 nafar ayol, jumladan homilador va voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan ayollar ham bor”, — deya ma’lum qildi huquqni muhofaza qiluvchi idora.
Shu bilan birga, amnistiya qonuni korrupsiya, terrorizm, ekstremizm, qiynoqlar, jinsiy daxlsizlik va jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun jazo o‘tayotganlarga yengilliklarni nazarda tutmaydi.
Bu ro‘yxatga shuningdek uyushgan jinoiy guruhlar ishtirokchilari, takroran jinoyat sodir etganlar, sirtdan sudlangan shaxslar hamda umrbod ozodlikdan mahrum etilganlar kiradi.
Vazirlik ta’kidlashicha, Qozog‘iston mustaqilligi tarixida ilk bor ma’muriy amnistiya Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 260 dan ortiq moddalari asosida solingan pul jarimalaridan ozod etishni nazarda tutadi.
Shu tariqa, Ichki ishlar vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra,
ushbu qonun taxminan 1 millionta jarimani bekor qiladi va umumiy qiymati 17 milliard tengedan (taxminan 35,5 million AQSH dollari) ortiq bo‘lgan to‘lov majburiyatlarini bekor qiladi.
“Amnistiya eng og‘ir huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi. Jumladan, noqonuniy qurol aylanmasi va narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar, yo‘l harakati qoidalarini buzish (masalan, mast holda transport boshqarish, qarshi yo‘lakka chiqish va boshqa holatlar) oqibatida haydovchilik huquqidan mahrum etilganlar, shuningdek takroran huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bundan mustasno,” — deya tushuntiradi Ichki ishlar vazirligi.
Vazirlikning aniqlashtirishicha, amalda jarimalarni hisobdan chiqarish davlat axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi va fuqarolarning tegishli idoralarga murojaat qilishi talab etilmaydi.
Idora xodimlari xulosasiga ko‘ra, prezident tomonidan imzolangan amnistiya qonuni insonparvarlik, adolat va eng xavfli huquqbuzarliklar uchun jazoning muqarrarligi tamoyillari o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydi hamda fuqarolar huquqlari, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida saqlab qoladi.



