Moskvadan Dushanbega to'g'ridan-to'g'ri poyezd qatnovi olti yillik tanaffusdan so'ng qayta tiklanadi

Moskva-Dushanbe to'g'ridan-to'g'ri poyezdi olti yillik tanaffusdan so'ng iyun oyida qatnovni qayta tiklaydi. Bu haqda Rossiya temir yo'llari (RTY) matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o'rtasidagi temir yo'l qatnovi Tojikiston iltimosi va Qozog'iston hamda O'zbekiston bilan kelishuvga binoan qayta tiklanadi.

«Rohi Ohani Tochikiston» (Tojikiston temir yo'llari) davlat unitar korxonasi tomonidan boshqariladigan 423/424-sonli poyezd har ikki haftada bir marta qatnaydi. Yo'l vaqti taxminan to'rt kun.

Poyezd Dushanbedan 21 iyundan boshlab yakshanba kunlari soat 3:25 da (mahalliy vaqt) jo'nab ketadi va chorshanba kunlari soat 22:08 da Moskvaning Paveletskiy stantsiyasiga yetib keladi. Poyezd 25 iyundan boshlab payshanba kunlari soat 6:05 da Moskvadan jo'nab ketadi va dushanba kunlari soat 2:48 da (mahalliy vaqt) Dushanbega yetib keladi.

Poyezdning yo'nalishi Tojikiston, Qozog'iston, O'zbekiston va Rossiyani qamrab oladi. Yo'lovchilarni poyezddan tushirish va unga olish ishlari Buxoro, Nukus, Qo'ng'irot, Qandyagash, Aqto'be, Iletsk, Orenburg, Samara, Sizran, Penza, Ryajsk va boshqa shahar vokzallarida amalga oshiriladi.

Dushanbedan chiptalarni sotib olish mumkin va tez orada Moskvadan chiptalar savdosi boshlanadi.

Rossiya temir yo'llari yo'lovchilarga Dushanbe va Moskva o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri yo'lovchi temir yo'l qatnovi COVID-19 tufayli 2020 yil mart oyida to'xtatilganini eslatdi. Hozirda Rossiya va Tojikiston o'rtasida «Rohi Ohani Tochikiston» davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilgan uchta poyezd qatnovi amalga oshirilmoqda: Ko'lob-Voljskiy, Dushanbe-Voljskiy va Xo'jand-Voljskiy.