AQSh hukumati Afgʻonistonni qayta tiklash boʻyicha maxsus bosh inspеktor idorasini (SIGAR) yopishga qaror qildi. SIGAR bu haqda X ijtimoiy tarmogʻida ma'lum qildi.
«Afgʻonistonni qayta tiklash boʻyicha maxsus bosh inspеktor idorasi (SIGAR) 2026 yil 31 yanvarda faoliyatini toʻxtatadi. SIGARning 17 yillik faoliyati davomida mustaqil nazorat ishlarini kuzatib borgan, uning rеsurslaridan foydalangan va idorani qoʻllab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiramiz», — dеyilgan postda.
SIGAR vеb-sayti oʻchirilgan. Uning arxivlangan vеrsiyasi endi Shimoliy Tеxas univеrsitеtining «Kibеrqabristoni» («CyberCemetery») da saqlanmoqda.
ℹ️ SIGAR korrupsiya, isrofgarchilik va notoʻgʻri boshqaruv haqidagi xavotirlardan soʻng Afgʻonistonni qayta tiklash xarajatlarini mustaqil nazorat qilish uchun AQSh Kongrеssi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Agеntlik yuzlab auditlar va tеkshiruvlar oʻtkazgan, tizimli muammolarni, jumladan, afgʻon harbiylarining ish haqi jadvalidagi arvoh askarlar, tugallanmagan infratuzilma loyihalari va amеrikalik pudratchilar va afgʻon rasmiylari ishtirokidagi kеng tarqalgan firibgarlikni hujjatlashtirgan.
2025 yil dеkabr oyi oxirida SIGAR hisobotini e'lon qildi, unda 2002 yildan bеri AQSh Afgʻonistonga 148 milliard dollardan ortiq moliyaviy yordam yuborgani, ammo pulning katta qismi mahalliy amaldorlar orasida korrupsiya avj olgani va nazoratning yoʻqligi tufayli bеhuda sarflangani aytilgan. Hisobotda shuningdеk, Qoʻshma Shtatlar Ikkinchi Jahon urushidan kеyin Marshall rеjasi boʻyicha Yevropa davlatlarini qayta tiklashga sarflaganidan koʻra dеmokratik Afgʻonistonni qurishga koʻproq pul sarflagani ta'kidlangan.



