Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) sudiga Rossiyaning tashkilotga a'zo davlatlari o‘rtasida imzolangan migrantlar kelishuvining bir nechta qoidalarini bajarmayotgani tufayli da'vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasining Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Azamat Mukanov so‘zlariga tayanib 24.kg xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, Mukanov Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) Mehnat, sog‘liqni saqlash, ayollar ishlari va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida Rossiyaga qarshi da'vo arizasi berilganini ma'lum qilgan. Yig‘ilishda «Fuqarolarni tibbiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilingan.
Deputatlar Rossiyada mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, kafolatlangan tibbiy yordam polislarini berish borasidagi sa'y-harakatlarning borishi haqida so‘rashgan.
Mulozim YeOII a'zo davlatlari o‘rtasida xorijiy ishchilar maqomini tartibga soluvchi kelishuv amal qilayotganini tushuntirgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hozirda ishchi migrantlarning oila a'zolariga majburiy tibbiy sug‘urta (MTS) polislarini berishdan bosh tortib, ushbu hujjatning 96-98-moddalarini buzmoqda.
«Qirg‘iziston YeOII sudiga da'vo arizasi berdi, ish davom etmoqda va ikki hafta ichida qaror qabul qilinadi. Biz bu masalani Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk respublikaga tashrif buyurganida ham ko‘targan edik», — deya qo‘shimcha qilgan Mukanov.
Armaniston, Belarusь, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyani o‘z ichiga olgan YeOII to‘g‘risidagi shartnoma 2014 yili Ostonada imzolangan va 2015 yil 1 yanvarda kuchga kirgan. Unda a'zo davlatlar fuqarolarini ishga joylashtirish uchun maxsus shartlar belgilangan.
Asosiy qoidalarga yuqorida tilga olingan mamlakatlar fuqarolari RFda ishlashi uchun patent yoki boshqa ruxsatnomalar talab qilinmasligi, ish beruvchilar chet ellik ishchilarni yollash uchun ruxsatnoma olishlari shart emasligi, ta'lim hujjatlari apostilsiz tan olinishi (ba'zi kasblar bundan mustasno) va boshqalar kiradi.
Tibbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi protokolda YeOII mamlakatlaridagi ishchilar va ularning oila a'zolariga sug‘urta polisi bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar, davlat va shahar sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi aytilgan.



