Ommaviy tartibsizliklarni rejalashtirishda ayblangan ikki sobiq qirg‘iz deputati hibsdan ozod qilindi

Ommaviy tartibsizliklarni rejalashtirishda ayblangan Jogorku Kenesh (parlament)ning sobiq ikki deputati Kubanichbek Qodirov va Shaylubek Atazov tergov izolatoridan ozod qilindi. Bu haqda «Kloop» xabar berdi.

Qodirovning ozod qilingani haqida 24 yanvarь kuni xabar berildi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash davlat xizmatining sobiq rahbari Saymik Japikeyev ushbu xabarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi. U prezident Sadir Japarovga minnatdorchilik bildirgan, chunki sobiq mulozimga ko‘ra, davlat rahbari xalq fikriga quloq solgan va siyosatchini ozod qilishga buyruq bergan. Japikeyevning qo‘shimcha qilishicha, respublika rahbari uchun ommaviy tartibsizliklar ishi bo‘yicha boshqa sudlanuvchilarni, jumladan, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodirbekni ozod qilish oliyjanoblik bo‘lar edi.

OAV 25 yanvarь kuni yana bir sobiq parlament a'zosi Atazov hibsdan ozod qilingani haqida xabar berdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bu siyosatchi yashash joyini tark etmaslik tilxati bilan ozod qilingan.

Sobiq prezidentning o‘g‘li va uning tarafdorlari hibsga olingani haqida o‘tgan yili 24 noyabrda xabar qilingandi. O‘shanda xavfsizlik xodimlari 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlaridan so‘ng boshlanishi rejalashtirilgan ommaviy tartibsizliklarni rejalashtirishda ayblanib, bir nechta sudlanuvchilarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganiga aniqlik kiritgandilar.

Jumladan, gumonlanuvchilar orasida «Sotsial-demokratlar» partiyasi yetakchisi Temirlan Sultanbekov, uning o‘rinbosari Qodirbek Atambayev, sobiq deputat Shaylubek Atazov, «Sotsial-demokratlar» a'zosi Ermek Ermatov, Almazbek Atambayevning sobiq tansoqchisi Damir Musakeyev, sobiq deputat Kubanichbek Qodirov va biznesmen Urmat Barktabasov (Askarbekov) bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi (IIV) matbuot relizida rasman oshkor qilinmagan yana uchta shaxs ismi-sharifining bosh harflari keltirilgan.

IIV bayonotida siyosatchilar, sobiq deputatlar, sobiq davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan iborat buzg‘unchi guruh faoliyati haqida va ularning potentsial provokatsiyalar va zo‘ravonlik to‘qnashuvlarda ishtirok etishi uchun uyushgan jinoyatchilik guruhlari va sport jamoalari a'zolarini o‘z safiga jalb qilishgani aytilgan.

Hibsga olinganlarga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi («Zo‘ravonlik, qirg‘in, o‘t qo‘yish, mulkni yo‘q qilish, o‘qotar qurol, portlovchi moddalar yoki portlovchi qurilmalardan foydalanish yoki davlat vakiliga qurolli qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.