Qorachig‘anoq konini o‘zlashtirayotgan Shell va Eni kabi yirik neftь kompaniyalari Qozog‘iston bilan xalqaro arbitraj nizosida yutqazdi. Bu haqda Bloomberg sud jarayoni bilan tanish manbalarga tayanib xabar beradi.
London sudi Ostonaning 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ni talab qilgan da'vosini qisman qo‘llab-quvvatladi. Yakuniy miqdor hali aniqlanmagan, ammo u 2 milliard dollardan 4 milliard dollargacha bo‘lishi mumkin (yuridik maslahatchilar shunday summani ta'kidlashgan).
Sud hukumat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan, unda Qorachig‘anoq operatorlari mahsulot taqsimoti shartnomasi (MTSh) bo‘yicha kelishilmagan va qoplanmasligi kerak bo‘lgan boshqa xarajatlarni noqonuniy ravishda davlat hisobidan qoplaganligi da'vo qilingan. Sud qarori ushbu shartnoma bo‘yicha neftni taqsimlash formulasini o‘zgartirishi kutilmoqda. Biroq, javobgarlar baribir unga e'tiroz bildirishlari mumkin.
G‘arbiy Qozog‘istondagi Qorachig‘anoq neftь va gaz kondensati koni 280 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallaydi va dunyodagi yeng yirik konlardan biri hisoblanadi. U yerda 1997 yil 18 noyabrda Qozog‘iston bilan imzolangan mahsulot taqsimoti shartnomasi asosida xalqaro konsorsium tomonidan ish yuritiladi. Qorachig‘anoq loyihasining operatorlari bo‘lmish Royal Dutch Shell va Eni kompaniyalari 29,25% dan teng ulushga ega. Loyihada Chevron (18%) va «LUKOYL» (13,5%) ham ishtirok etadi. «KazMunayGaz» milliy kompaniyasi 10% ulushga ega.
Qorachig‘anoq operatorlariga qarshi sud jarayonlari 2023 yili boshlangan. Dastlab da'vo 3,5 milliard dollarni tashkil etgan, ammo keyinchalik qisman xarajatlarning oshishi va korruptsiya ehtimoli haqidagi da'volar tufayli bu summa oshgan. 2024 yili xalqaro kompaniyalar ichki bozor uchun gazni qayta ishlash zavodini qurish orqali nizoni hal qilishni taklif qilishgan. Biroq, keyinchalik bu variant ham shov-shuvli nizolar mavzusiga aylangan. Gap shundaki, Qorachig‘anoqda ishlab chiqarilgan gazning katta qismi hozirda qayta yer qariga quyilmoqda, qolgan qismi esa Rossiyaga, Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yuborilmoqda, chunki kon o‘zining xomashyoni qayta ishlash quvvatiga ega yemas.
Qorachig‘anoqda gazni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha muzokaralar 2000 yillardan beri davom etib keladi. Muzokaralar, jumladan, kon operatorlari bilan ham olib borilgan, ammo o‘tgan yozda Qozog‘iston hukumati Eni va Shell taklif qilgan shartlar asosida zavodni qurishdan bosh tortgani ma'lum bo‘ldi. Xususan, kompaniyalar loyiha xarajatlarining 100 foizidan tashqari qo‘shimcha 1 milliard dollar to‘lanishini talab qilishgan, bu talabni Ostona nomaqbul deb hisoblagan.



