AQSh prezidenti Donalьd Tramp qozog‘istonlik hamkasbi Qosim-Jomart To‘qayevni G‘azo sektorini boshqaradigan «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilishga va Qozog‘istonni muassis davlatlardan biri bo‘lishga taklif qildi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay Tengrinews.kz nashriga ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, To‘qayev taklifni qabul qilgan.
«Bir qador davlat yetakchilari bergan bayonotlaridan so‘ng prezident Donalьd Trampdan bunday rasmiy so‘rov olganlik faktini yashirish noto‘g‘ri bo‘lgan bo‘lardi. Ha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilish uchun rasmiy taklifnoma olgan birinchi dunyo yetakchilaridan biri bo‘ldi va Qozog‘iston muassis davlatlardan biri bo‘lishga taklif qilindi. Bunga javoban davlat rahbari AQSh prezidentiga samimiy minnatdorchilik bildirdi va ushbu yangi tashkilotga qo‘shilishga roziligini tasdiqlagan maktub yubordi. Prezident Qozog‘istonning Yaqin Sharqda mustahkam tinchlikka erishish, davlatlararo ishonchni mustahkamlash va global barqarorlikka muhim hissa qo‘shishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi», — dedi Jeldibay.
Tramp 2026 yil 16 yanvarda «Tinchlik kengashi» tashkil etilganini e'lon qildi. Ushbu tashkilotning tashkil etilishi AQSh prezidentining G‘azo uchun tinchlik rejasini bir qismi bo‘lib, xalqaro kuchlarni joylashtirish bilan birga amalga oshirildi. Shu kuni Kengashning birinchi ijroiya qo‘mitasi tuzilgani e'lon qilindi. Uning a'zolari orasida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, AQSh prezidentining kuyovi va investor Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler,Jahon banki bosh direktori Ajay Banga va AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Robert Gabriyel bor.
Bir kun oldin, Bloomberg tashkilot nizom loyihasini ko‘rib chiqib, Tramp Kengash raisi bo‘lishini va u kengashga a'zo sifatida kimni taklif qilish borasida yagona qaror qabul qiluvchi shaxs bo‘lishini xabar qildi. Qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, ammo yakuniy tasdiqlash raisga tegishli bo‘ladi.
Loyihada shuningdek, kengash a'zoligi muddati uch yildan oshmasligi belgilangan. Tashkilotda doimiy o‘rinni egallashni istagan davlatlar kamida 1 milliard dollar hissa qo‘shishlari lozim.
Nizomda kengash «barqarorlikni rivojlantirishga, sog‘lom va qonuniy boshqaruvni tiklashga va mojarolar domida yoki tahdid ostida bo‘lgan mintaqalarda uzoq muddatli tinchlikni ta'minlashga intiladigan xalqaro tashkilot» sifatida ta'riflangan. Kengash uchta a'zo davlat uning nizomini tasdiqlaganidan so‘ng rasmiy organga aylanadi.



