Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ilgari Rossiya bilan hamkorlikda qurilishi rejalashtirilgan Kokshetau, Semey va Ust-Kamenogorskdagi IES qurilishi cho‘zilayotganini tanqid qildi. Davlat rahbari bu haqda energetika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda aytdi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Biz Kurchatovda issiqlik elektr stansiyasini va Kokshetau, Semey va Ust-Kamenogorskda issiqlik elektr markazlarini qurishimiz kerak. Bu obyektlarning barchasi «toza ko‘mir» texnologiyasidan foydalangan holda ishlashi kerak. Biroq, bu loyihalarni amalga oshirish kechiktirilmoqda va men buni qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblayman», — deya ta’kidladi To‘qayev.
Respublikaning uchta shahrida IES qurish bo‘yicha kelishuv 2024 yili imzolangan edi. Hujjatda Rossiyadan Qozog‘istonga imtiyozli eksport krediti berilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq, o‘tgan bahorda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar imtiyozli moliyani olish bilan bog‘liq muammolar borligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agar Rossiya tomoni mablag‘ ajrata olmasa, Qozog‘iston yangi investorlarni qidiradi.
Iyul oyida Qozog‘iston o‘z kuchi bilan Kokshetauda issiqlik elektr stansiyasini qura boshlagani e’lon qildi. Avgust oyida esa loyiha uchun xitoylik pudratchilar yollangani xabar qilindi.
Kuni kecha Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlen Akkenjenov hozirda mazkur hududda qazish ishlari olib borilayotganini va qurilish maydonchasi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston haliyam Rossiyadan qolgan ikkita issiqlik elektr stansiyasi — Semey va Ust-Kamenogorskdagi qurilish uchun imtiyozli kredit bo‘yicha javob olmagan. «Qozog‘iston tomoni bu masalani qulay paytda ko‘taradi, ammo hozircha hukumatlararo imtiyozli kredit bo‘yicha qaror qabul qilinmagan», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Tengrinews.kz nashri.



