Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva viloyatidagi Odinsovo maktabida o‘quvchining o‘ldirilgani holatini qoralab, Rossiya hukumatini aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Bu haqda bayonot Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi.
Vazirlik qotillikka milliy adovat sabab bo‘lganini qayd etadi. Jinoyat qurboni Moskva viloyati Odinsovo shahar okrugiga qarashli Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabining 4-sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev bo‘lgan. Bola Tojikiston va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan.
«Rossiya Federatsiyasining Tojikiston Respublikasidagi elchisi S.Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va unga Rossiya tomonidan ushbu fojiali voqeani zudlik bilan, obyektiv va xolisona tergov qilishni hamda barcha aybdor shaxslarni qonun doirasida javobgarlikka tortishni talab qiluvchi nota topshirildi», — deyiladi xabarda.
TIV marhum bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tojikistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasiga Qobiljonning oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, bu masalani nazoratda ushlab turish topshirildi.
ℹ️ Fojiali voqea 2025 yil 16 dekabr kuni sodir bo‘ldi. Ertalab Uspenskiy maktabining 15 yoshli o‘quvchisi pichoq va gaz balloni bilan qurollangan holda ta’lim muassasasi qo‘riqchisini yaralagan va 10 yoshli 4-sinf o‘quvchisini o‘ldirgan. Keyin u o‘quvchilardan birini garovga olib, sinf xonasiga berkinib olgan. O‘smir maktabga kelgan xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va so‘roq paytida o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi tomonidan qotillik va odam o‘ldirishga suiqasd moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Agar sud-psixiatriya ekspertizasi o‘smirni aqli raso deb topsa, u holda jinoyatchi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Versiyalardan biriga ko‘ra, jinoyat motiviga o‘smirning ksenofobik qarashlari sabab bo‘lgan: hujumdan oldin u duch kelgan o‘quvchilardan qaysi millatga mansubligini so‘ragan va bundan oldin u sinfdoshlariga yahudiylar, musulmonlar, antifashistlar va liberallarga qarshi tajovuzkor shiorlar bitilgan «manifest»ini tarqatgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, uning asosiy nishoni matematika o‘qituvchisi bo‘lgan, undan qasd olish uchun o‘smir qo‘lbola portlovchi moslama tayyorlagan.
Marhum bolaning onasi shu maktabda farrosh bo‘lib ishlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng ikki farzandini yolg‘iz tarbiyalagan.



