O‘zbekiston poytaxtida 100 ta «aqlli» chorraha va bir nechta sun’iy ko‘llar paydo bo‘ladi

bugin.info sayti fotosurati

Toshkent shahar hokimligiga kelasi yili yagona svetoforni boshqarish markaziga ega bo‘lgan 100 ta «aqlli» chorraha tashkil etish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurish, shuningdek, bir nechta sun’iy ko‘llar barpo etish topshirildi. Bunday rejalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan respublika poytaxtini har tomonlama rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari metropol transport tizimiga katta e’tibor qaratdi. Yunusobod va Yashnobod tumanlarida 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyodalar va 20 kilometr veloyo‘laklarni qurish, 100 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, yo‘l o‘tkazgich va tonnel qurish zarurligini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, shahar hokimligiga 200 ta elektrobus sotib olish vazifasi yuklatildi.

Respublika rahbari eslatib o‘tishicha, yaqin kunlarda Toshkent shahrida har bir ko‘cha va chorrahadagi tirbandlikni sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladigan yagona transport tizimini boshqarish markazi ishga tushiriladi. Bu tirbandlik va yo‘l-transport hodisalari oldini olishga xizmat qiladi.

2026 yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Prezident ekologiya masalasi juda dolzarb ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan shaharning to‘rtta hududida sun’iy ko‘llar va suv havzalari qurish loyihalarini ishlab chiqish, qurilish ishlarini boshlash mutasaddilariga topshirildi. Kelasi yil 1 iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi.

2026 yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi. Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda «yashil belbog‘», 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi e’lon qilindi. Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi.

Shu bilan birga, Toshkent shahridagi barcha kommunal xizmatlar noxush holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun kechayu kunduz ishlashga o‘tadi.

Xalq deputatlari shahar Kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy budjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etish taklif qilindi.

«Mahalla yettiligi» samaradorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan kelgusi yildan boshlab Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi mazkur boshqaruv organlari to‘liq hokimlikka bo‘ysunadi. Chunki mahalla hisobot bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur, dedi respublika rahbari.

«Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak», — dedi Mirziyoyev.