Eronda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Narges Muhammadi shafqatsizlarcha kaltaklangan va hibsga olingan

Narges Muhammadi. narges.foundation sayti fotosurati

2023 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Narges Muhammadi 12 dekabr kuni Eronning shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida bo‘lib o‘tgan xotira marosimida kaltaklangan va hibsga olingan.

«Narges fondi» xabariga ko‘ra, Muhammadi bilan birga yana 38 kishi, jumladan, taniqli inson huquqlari faollari Sepideh Goliyan, Javad Alikordi va Pouran Nazemi hibsga olingan. Mashhad prokurori Hasan Hematifar ular «mashinada ustiga chiqib olib, provokatsion bayonotlar berishganini» da’vo qilmoqda, bu bayonotlar go‘yoki olomonni «jamoat tartibini buzishga» undagan.

Hibsga olinganidan so‘ng darhol aloqasiz qolgan Narges Muhammadi uch kundan so‘ng telefonda qisqa qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lgan. Oilasi bilan suhbatda u fuqarolik kiyimidagi taxminan 15 kishidan iborat guruh tomonidan hujumga uchraganini xabar qilgan.

Huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, uning boshi va bo‘ynini tayoq bilan kaltaklashgan va sochlari tortib, sudrashgan. Keyinchalik u ikki marta tez yordam bo‘limiga olib ketilgan. Qo‘ng‘iroq paytida uning jismoniy holati og‘ir bo‘lgan.

Muhammadining so‘zlariga ko‘ra, hibsga olish paytida xavfsizlik kuchlari unga: «Biz onangni sen uchun motam tutishga majbur qilamiz», deyishgan. Bundan tashqari, ular o‘z shavqatsizligini siyosiy motivlar bilan oqlashga uringan holda, inson huquqlari faolini Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblashgan.

Ommaviy hibsga olishlar advokat Xosrov Alikordi o‘limidan yetti kun o‘tgach o‘tkazilgan xotira marosimida sodir bo‘lgan. Guvohlar ishtirokchilarga qarshi ko‘z yoshartiradigan gaz ishlatilganini xabar qilishgan. Guvohlar olomonni baland ovozda haqoratlab, nizolarni qo‘zg‘atgan, eronlik bo‘lmagan bir guruh shaxslar borligini qayd etishgan.

Narges Muhammadi xotira marosimida. narges.foundation sayti fotosurati

Mashhad prokurori barcha hibsga olinganlar tergov hibsxonasida saqlanayotganini aytgan, ammo qaysi birida ekaniga aniqlik kiritmagan. Hibsdagilarning qarindoshlari ularning to‘liq izolyatsiyada saqlanayotgani va advokatlar bilan uchrashish imkoni yo‘qligidan xabar berishgan. Narges Muhammadining telefon orqali suhbatda u qaysi yurisdiksiyada ushlab turilgani haqida xabardor qilinmaganini ta’kidlagan.

Nargez o‘z advokatlariga xavfsizlik kuchlarining harakatlariga qarshi darhol rasmiy shikoyat qilishni topshirgan. U kaltaklash va noqonuniy kuch ishlatish bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qilmoqda. Aliye Motalebzoda va Hasti Amiri kabi boshqa faollar ham oilalari bilan qisqacha bog‘lanib, hibsga olinganliklari haqida xabar berishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Narges fondi» xalqaro hamjamiyat va inson huquqlari tashkilotlarini shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgan. Fond vakillari barcha jabrlanuvchilar uchun mustaqil tibbiy ko‘riklar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Ular aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun zo‘ravonlik izlari hujjatlashtirilishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

«Ushbu fuqarolik va siyosiy faollarga qarshi noqonuniy hibsga olish va uydirma ishlar darhol va shartsiz to‘xtatilishi va ularning asosiy huquqlari kechiktirmasdan tiklanishi kerak», — deb ta’kidlaydi fond vakillari.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi Eron rasmiylarini inson huquqlari faolining qayerda ekanini darhol oshkor qilishga, uning xavfsizligi va himoyasini ta’minlashga va uni shartsiz ozod qilishga chaqirdi.

«Qo‘mita Narges Mohammadi va Eronda inson huquqlari, qonun ustuvorligi va so‘z erkinligi uchun tinch yo‘l bilan kurashayotgan barcha odamlar bilan birdamligini bildiradi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

ℹ️ 1972 yili tug‘ilgan va ma’lumoti fizik bo‘lgan Narges Mohammadi o‘z faoliyatini jurnalist va siyosiy yozuvchi sifatida boshlagan. U 2012 yildan beri Fransiyada surgunda yashab kelayotgan taniqli faol Tagi Rahmoniyga turmushga chiqqan, er-xotinning ikki farzandi bor.

Eron rasmiylari ilgari inson huquqlari faolini 13 marta hibsga olgan va jami 31 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 154 marta darra urish jazosiga hukm qilgan. 2023 yili u qamoqdan majburiy hijobni diniy bosim vositasi sifatida qoralovchi xatni tashqaoiga chiqargan. 2024 yil avgust oyida Muhammadi qamoqxonalarda muntazam jinsiy tegajoqlik ayblovlari uchun qo‘shimcha bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan, Tehron ayol shikoyatini yolg‘on deb rad etgan.

2024 yil dekabr oyida inson huquqlari faoli noyabr oyida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy sabablarga ko‘ra Evin qamoqxonasidan vaqtincha ozod qilingan. Ozod qilinganidan beri u muntazam ravishda ta’qib va tahdidlarga duchor bo‘lib kelgan. 2025 yil iyul oyida Axborot vazirligi uning advokatlarini matbuotga intervyu berish, inson huquqlari guruhlarini safarbar qilish yoki inson huquqlarini targ‘ib qilish man etilishi borasida ogohlantirgan.

  • Nima uchun xitoyliklar bilan munosabat qilish qiyin, garchi dastlab osondek tuyulgan bo‘lsada? Mavzu shu haqda

  • «Tolibon»ni tan olish nimalarga olib boradi?