Saudiya Arabistonining Riyadh Cables Group kompaniyasi Toshkentda yuqori voltli kabel ishlab chiqarish zavodini quradi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur korxonaga yo‘naltiriladigan investitsiyalarning umumiy qiymati 122 million dollarni tashkil etadi.
Rejaga ko‘ra, zavod yiliga 24 000 tonnagacha kabel ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi va 340 ta ish o‘rni yaratiladi.
ISSV poytaxtda zavod ochilishi Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari va vazirlik o‘rtasida imzolangan shartnoma bilan belgilab qo‘yilganini ta’kidlaydi. Kelishuv Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Yaqin Sharq davlatiga tashrifi doirasida tuzildi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari Saudiya Arabistoni Investitsiya vaziri Xolid al-Falih va qirollikning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham muzokaralar olib borishgan. Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishgan:
✅ Sanoat;
✅ Energetika;
✅ Infratuzilma;
✅ Sog‘liqni saqlash;
✅ Mehnat migratsiyasi.
Bundan tashqari, energetika, suv ta’minoti, axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalarida 20 dan ortiq qo‘shma loyihalarni qamrab oluvchi Amaliy harakatlar rejasi tasdiqlangan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


