Qozog‘istonning yana bir kompaniyasi Afg‘onistonda mineral resurslarni qidirish niyatini bildirdi

tolonews.com sayti fotosurati

Eurasian Resources Groupning (ERG) sho‘ba korxonasi ERG Exploration Afg‘onistonda geologik qidiruv ishlarini olib borish niyatini bildirdi, deb xabar beradi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.

«ERG Exploration hozirda Afg‘oniston tomoni bilan qo‘shimcha geologik ma’lumotlarni olish uchun muzokaralar olib bormoqda. Kerakli tadqiqotlar yakunlagandan so‘ng, ERG Afg‘onistondagi geologik qidiruv loyihalariga qo‘shilishni rejalashtirmoqda», — deyiladi xabarda.

ERG Exploration — ERGning o‘z geologik qidiruv kompaniyasi hisoblanadi. Undan tashqari «Kazaxmis Barlau» («Kazaxmis» tarkibiga kiradi) ham Afg‘onistonning mineral resurslariga qiziqish bildirgan. U «Kazatomprom» bilan birgalikda Afg‘onistonda ikkita geologik missiya o‘tkazgan, berilliy va qo‘rg‘oshin konlarini o‘rgangan. Missiyalardan so‘ng, «Kazaxmis Barlau» Lag‘mon viloyatidagi mineral konida qidiruv ishlarini boshlagan.

«Kazaxmis» mis qazib olish korporatsiyasining asosiy egasi Vladimir Kim bo‘lib, u Forbes versiyasi bo‘yicha Qozog‘istonning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallaydi, uning sof boyligi 5,7 milliard dollarni tashkil etadi.

ERG — mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan xalqaro kompaniyalar guruhi. Uning asosiy aksiyadori (40%) Qozog‘iston hukumati hisoblanadi. Tadbirkor Patox Shodiyev 18,6% ulushga egalik qiladi, Aleksandr Mashkevich (2025 yil mart oyida vafot etgan) merosxo‘rlari va Ibragimovlar oilasi 20,7% dan ulushga ega.

Shu yil bahorda Afg‘onistonga Qozog‘istondan bir guruh mutaxassis-geolog va muhandislar kelgani, ular Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi hamrohligida bir qator konlarga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.

Qozog‘iston Respublikasi Sanoat va qurilish vaziri o‘rinbosari Eron Sharxon ta’kidlashicha, mutaxassislar Nuriston viloyatida berilliy, qo‘rg‘oshin va rux bo‘lishi mumkin bo‘lgan konlardan 130 kg ruda namunalarini yig‘ishgan. Laboratoriyalarda batafsil tahlil qilish uchun namunalar Qozog‘istonga yuborilgan. Natijalarni olgach, Qozog‘iston tomoni «konlarni yanada o‘zlashtirish bo‘yicha muzokaralarning chuqurroq formatini» boshlashga tayyor bo‘ladi.