Yaponiya kompaniyalari O‘zbekistondagi eng yirik «yashil» energetika loyihasida ishtirok etadi

Acwa Power kompaniyasi matbuot xizmati fotosurati

Yaponiya kompaniyalari va banklari O‘zbekistonning eng yirik yashil energiya loyihasida ishtirok etadi. Xalqaro konsorsium mamlakatda umumiy qiymati 1,45 milliard dollar bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini quradi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» Nikkei nashriga tayangan holda.

Kun chiqar mamlakati jurnalistlarining xabar berishicha, konsorsium tarkibiga uchta yapon kompaniyasi va Saudiya Arabistonining Acwa Power korporatsiyasi kiradi. Kompaniyadagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: 51% ga saudiyaliklar, 20,2% ga — Sumitomo, Yonden va Chubu har biri 14,4% egalik qiladi .

Loyiha bir nechta kredit tashkilotlari, jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va bir nechta xususiy banklar tomonidan moliyalashtiriladi. JBIC 635 million dollarlik kredit taqdim etuvchi eng yirik moliyalashtiruvchi bo‘ladi.

Loyiha umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanishni ko‘zda tutadi, bu taxminan 600 000 xonadonning yillik elektr energiyasi iste’moliga teng. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1336 MVt/soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlari quriladi.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha mamlakat tarixidagi quyosh generatsiyasi va energiya to‘plash bo‘yicha eng yirik qo‘shma tashabbus bo‘ladi. ACWA Power Sazagan Solar 1 birinchi loyihasi qurilishi 2027 yilda, Sazagan Solar 2 esa 2028 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasi 25 yillik elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasiga sotiladi.

Xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus Markaziy Osiyo mamlakati uchun muhim, chunki respublika hukumati 2030 yilga kelib qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini umumiy elektr energiyasi quvvatining 54 foizigacha yetkazishni maqsad qilgan. Shuning uchun respublika hukumati quyosh elektr stansiyalari qurilishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, energiyani saqlash tizimlari ortiqcha energiyani saqlash va talab hamda taklifni muvozanatlashtirishni ta’minlaydigan energiya tarmog‘ini barqarorlashtirishning asosiy elementiga aylanishi kerakligi ta’kidlanadi.