Namangan xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Ayubxon Kamalovning Namangan shahar hokimi lavozimiga nomzodini bir ovozdan ma’qulladi. Tayinlov Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Shuningdek, deputatlar bir ovozdan Anvar Otaxodjayevni Namangan shahar hokimi lavozimidan ozod etishga ovoz berdilar.
Sentyabr oyi boshida Otaxodjayev poraxo‘rlikda gumon qilinib hibsga olingani ma’lum bo‘lgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hokim yer uchastkasini olishda yordam bergani uchun mahalliy tadbirkordan 60 ming dollar talab qilgan. O‘shanda amaldor hibsga olingani va darhol deputatlik daxlsizligidan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.
Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin, Namanganning hozirgi hokimi Ayubxon Kamalov 2020 yil dekabridan beri O‘zbekiston Markaziy banki (MB) raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
ℹ️ Ayubxon Kamalov 1971 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, 1993 yili Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti, 2001 yili Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. U o‘z mehnat faoliyatini 1993 yili Namangan viloyat Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasida boshlagan. Keyin u 20 yildan ortiq bank va moliya tizimlarida turli lavozimlarda ishlagan.
2017−2019 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori, 2019 yildan 2020 yilgacha Namangan viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Markaziy bankka o‘tishdan oldin u Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni boshqarish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyatini boshqargan.



