2026 yil 1 yanvardan boshlab, Respublika Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini («O‘zaviatsiya») saqlash uchun O‘zbekiston davlat budjetidan ajratmalar bekor qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 oktyabr kuni chiqargan farmonida so‘z yuritiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.
Hujjatda joriy yil yakuni va kelgusi yillar uchun «O‘zaeronavigatsiya» markazi DUK sof foydasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan 20 foiz ajratma bekor qilinishi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Prezidentning «Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ushbu sohani 2030 yilgacha rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilab berilgan.
Bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
✅ havo transportida tashilgan yo‘lovchilar sonini 24 million kishiga yetkazish;
✅ xalqaro va ichki reyslar sonini yiliga 200 mingtagacha oshirish;
✅ O‘zbekiston aviakompaniyalariga tegishli samolyotlar parkini 180 taga yetkazish.
«O‘zaviatsiya» agentligi saytida joylashtirilgan ochiq moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, agentlikning 2024 yilgi xarajatlar smetasining qiymati 5,1 milliard so‘mdan (422 500 dollar) oshgan. Ushbu mablag‘larning 3,2 milliard so‘mdan (265 000 dollar) ortiq qismi xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ajratilgan. Bundan tashqari, 1 milliard so‘mdan (taxminan 83 000 dollar) ortiq mablag‘ «Boshqa xarajatlar» sifatida tasniflangan.
15 oktyabr kuni yangi Toshkent aeroporti poydevorining tamal toshini qo‘yish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish istiqbollarini bayon qildi. U sayyohlar oqimining ko‘payishi tashuvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishda davom etayotganini ta’kidladi. O‘n beshta yangi aviakompaniya paydo bo‘ldi. Ularning aviaparkidagi havo kemalari soni 26 tadan 105 taga yetdi. Kelgusi yillarda aviaparkdagi havo kemalari 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar soni esa yiliga 200 mingga yetkaziladi.
«Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz», — deya xulosa qildi davlat rahbari.



