Britaniyalik harbiy Afg‘on milliy armiyasi askari va tarjimoni orqali mahalliy aholi bilan gaplashyapti, 2008 yil. wikipedia.org sayti fotosurati
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligidagi ma’lumotlarning chetga sizib chiqishi Britaniya harbiy va fuqarolik missiyalari bilan hamkorlik qilgan kamida 49 afg‘onning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda The Gardian xabar berdi.
Buyuk Britaniya parlamentining Mudofaa qo‘mitasiga taqdim etilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ma’lumotlarning chetga sizib chiqishi britaniyaliklar va ularning oila a’zolari bilan hamkorlik qilgan qariyb 100 000 afg‘on hayotini xavf ostiga qo‘ygan. So‘rovda shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘lgan 231 kishi ishtirok etgan. Ulardan 200 nafari o‘zlariga yoki yaqinlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlar bo‘lgani haqida xabar berishgan, 49 nafari esa hodisa hamkasbi yoki oila a’zosining o‘limiga sabab bo‘lganini aytgan.
Hodisa 2022 yil fevral oyida, Mudofaa vazirligi xodimi xatolik bilan xodimlar va ularning oilalarini himoya qilishga mo‘ljallangan maxsus dasturlar bo‘yicha Afg‘onistondan ko‘chib o‘tish uchun taxminan 25 000 nafar ariza beruvchining shaxsiy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan elektron jadvalni yuborganida sodir bo‘lgan. Ismlar, aloqa ma’lumotlari va boshqa maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ro‘yxat uchinchi shaxslar qo‘liga tushib qolgan va ular buni mamlakat bo‘ylab tarqatishgan. Mazkur xato Britaniya Mudofaa vazirligi tarixidagi eng yirik xatolardan biri deb hisoblandi.
2025 yil 15 iyul kuni Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili Jamoatlar palatasida nutq so‘zlab, hayoti xavf ostida qolgan barcha afg‘onlardan «samimiy uzr» so‘radi va ma’lumotlar sizib chiqishini vakolatli kanallardan tashqarida elektron ma’lumotlarni jo‘natish bilan bog‘liq «jiddiy idoraviy xato» deb atadi. Vazirning ta’kidlashicha, xato «avvalgi rahbariyat davrida sodir bo‘lgan».
Ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi faktlar London Oliy sudi uning oshkor etilishiga to‘sqinlik qiluvchi avvalgi sud qarorini bekor qilganidan so‘nggina ommaga oshkor bo‘lgan. Sudya Chemberlen ushbu taqiq «nazorat bo‘shlig‘i»ni keltirib chiqargani va jamoatchilik ishonchiga putur yetkazganini ta’kidlagan.
O‘z navbatida sobiq Mudofaa vaziri ser Ben Uolles ma’lumotlar sizib chiqqaniga oid faktlar oshkor etilishiga qarshi taqiq joriy etganidan afsusda emasligini aytgan. The Telegraphdagi o‘z kolonkasida u xavfsizlik nuqtayi nazaridan harakat qilganini tushuntirgan: «Agar ma’lumotlarning sizib chiqishi o‘sha paytda ommaga oshkor bo‘lganida edi, ro‘yxat mavjudligining o‘ziyoq mazkur odamlarni o‘lim xavfiga duchor qilgan bo‘lardi».
Shu bilan birga, Britaniya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ma’lumotlar sizib chiqqani bir yil o‘tib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi «minglab» afg‘on shaxsiy fayllarini olganini va ulardan parchalar chop etganini da’vo qilganidan so‘ng aniqlangan. Bu holat xavflarni shoshilinch ravishda qayta baholashga olib kelgan. 2024 yil bahorida Buyuk Britaniya hukumati ma’lumotlari sizib chiqqan, ammo boshqa dasturlar shartlariga javob bermaydigan afg‘onlarni qayta ko‘chirish uchun maxsus dastur — Afghan Relocation Route (ARR) ni ishga tushirdi. Operatsiya qiymati 400 million funt sterlingdan oshgan va umumiy xarajat 850 million funt sterlingga yetishi kutilgan. 2025 yil iyul oyida mintaqadan taxminan 4500 kishi ko‘chirilgani, yana 2400 kishi ko‘chishni kutayotgani haqida xabar berilgan edi. Ma’qullangan 6900 nafar ariza beruvchidan taxminan 900 nafari Britaniya missiyalarining sobiq xodimlari, qolganlari ularning qarindoshlari bo‘lgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi mustaqil tekshiruvlar sizib chiqqan ro‘yxatlarda ko‘rsatilgan shaxslarga qarshi maqsadli hujumlar ehtimoli pastligini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Biroq, inson huquqlari tashkilotlari tahdidlar ko‘lami va o‘limlar soni Britaniya yordamiga muhtoj odamlarni himoya qilishdagi tizimli muammolarni ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.
Buyuk Britaniya 2021 yili Afg‘onistondan chiqib ketganidan beri 36 000 dan ortiq afg‘onlarni boshqa joyga ko‘chirgan. Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, ma’lumotlarning sizib chiqishi qayta qo‘chirish dasturlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazgan va ittifoqchilarni, jumladan, mamlakatdan evakuatsiya qilinishini kutayotganlarni himoya qilish choralarining samaradorligiga shubha tug‘dirgan.



