Rossiyaning eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri bo‘lgan LUKOYL «ba’zi mamlakatlar» tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli xorijiy aktivlarini sotish niyatini e’lon qildi.
27 oktyabr kuni e’lon qilingan bayonotda LUKOYL «potensial xaridorlar takliflarini ko‘rib chiqishni allaqachon boshlaganini» ta’kidlagan. Aktivlarni sotish AQSH G‘aznachilik departamentining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) roziligi bilan operatsiyalarni tugatish (wind down license) litsenziyasi asosida amalga oshirilmoqda. Agar kerak bo‘lsa, kompaniya o‘zining xorijiy sho‘ba korxonalari faoliyatini davom ettirishni uchun litsenziya uzaytirilishini so‘rashni rejalashtirmoqda.
OFAC LUKOYLga operatsiyalarni tugatish uchun 21 noyabrgacha muxlat bergan.
Sanksiyalar LUKOYL 50% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan bosh kompaniyalar va sho‘ba korxonalarga nisbatan qo‘llaniladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, LUKOYL aktivlarning 50% dan kamrog‘iga egalik qiladigan loyihalarda aktivlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish zarurati tug‘ilmasligi ehtimoldan yiroq, bunda yakuniy qaror milliy hukumatlarning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, AQSHning bloklash choralari kompaniyani tegishli subyektlarni boshqarish va ular faoliyatidan daromad olish imkoniyatidan mahrum qiladi.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, OFAC Qozog‘iston neft ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida LUKOYLning Qozog‘istondagi ikkita asosiy eksport yo‘nalishi — Atirau viloyatidagi Tengiz koni va Kaspiy quvur konsorsiumidagi (KQK) ishtirokiga istisno tariqasida yondoshadi.
Qozog‘istonda LUKOYL bir nechta yirik loyihalarda, jumladan, Kaspiy shelfidagi «Kalamkas-dengiz, Xazar va Auyezov» loyihalarida 50% (bitim taxminan 200 million dollarga baholangan), «Al-Farobiy» loyihasida 49,9, «Tengiz» loyihasida 5% va «Qorachig‘anoq» loyihasida 13,5% ulushga egalik qiladi.
Avvalroq, 14 oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev LUKOYL egasi Vagit Alekperovni mamlakatning energetika salohiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 1-darajali «Baris» ordeni bilan taqdirlagan edi.
O‘zbekistonda LUKOYL yigirma yil ichida neft va gaz sanoatiga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan va mamlakatning eng yirik investorlaridan biriga aylangan. Kompaniya Xauzak, Hisor va Qandim konlarida integratsiyalashgan gaz qazib olish va qayta ishlash loyihalarini amalga oshiradi, shu bilan birga gaz transporti infratuzilmasini ham rivojlantirib boradi. Uning eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard kubometr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega va 3,5 milliard dollar sarmoya sarflangan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi hisoblanadi.
«LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MCHJ mamlakatda 2004 yildan beri faoliyat yuritib keladi. 2024 yildan beri kompaniya franshiz modelini faol ravishda targ‘ib qilgan holda o‘zining chakana savdo biznesini — yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirib keladi.
LUKOYL shuningdek, AQSH, Ozarbayjon, Moldova, Iroq, BAA, Yevropa va G‘arbiy Afrikaning bir qator mamlakatlarida loyihalarga ega.



