Tojikistonda maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilar o‘quv yili boshlanganiga qaramay, ommaviy ravishda paxta terimiga jo‘natilmoqda. «Aziya-Plyus» xabar berishicha, rasmiylar buni «fermerlarga ixtiyoriy yordam» deb atashmoqda.
Jumladan, Bobojon G‘ofurov tumanida, Abduraim Jumayev va Saidxo‘ja Urunxo‘jayev nomli kolxozlar dalalarida o‘nlab ayollar, o‘quvchilar va maktab xodimlari har kuni paxta terishadi.
«Har kuni taxminan 150 bola dalaga chiqadi. Har bir bolaga 10 kilogramm paxta terish nomasi belgilangan. Agar sinfda 30 bola bo‘lsa, ular 300 kilogramm terishlari kerak», — deydi Kotma qishlog‘idagi 42-maktab o‘qituvchilaridan biri.
O‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, paxta terimdan bosh tortish mumkin emas: «shunday bo‘lishi kerak». Guruhlar 10 kun davomida dalaga yuboriladi va bu «yig‘im-terimni tezlashtirish» bilan izohlanadi. Ish haqi har bir kilogramm uchun 1 dan 1,5 somonigacha (0,10 — 0,16 dollar), fermerlar narxni belgilaydi. Urunxo‘jayev kolxozining yerlarida xuddi shu ish uchun pastroq stavka — har bir kilogramm uchun 1 somoni to‘lanadi va maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilarning suratga olishlari taqiqlanadi.
Spitamen tumanida maktab o‘quvchilari smena bo‘yicha ishlashadi: kichik o‘quvchilar tushlikka qadar, katta o‘quvchilar tushlikdan keyin paxta terishadi.
«Uyga mehmonxonaga borgandek boraman — tunayman, ertalab ishga boraman va ishdan keyin paxta dalalariga qaytaman. Darslarga tayyorgarlik ko‘rish uchun na kuchim, na vaqtim bo‘ladi», — deydi Spitamen maktablaridan birining o‘qituvchisi.
Tojikistonning yirik shaharlarida bolalar dalaga yuborilmaydi, lekin o‘qituvchilar boshqa davlat xizmatchilari bilan birga yig‘im-terimda ishtirok etadilar. Maktablar belgilangan rejaga ishchilarni taqdim etishlari shart. Ishlay olmaydiganlar esa o‘rnini bosadigan ishchilarni topishi shart.
«O‘qituvchilarimizdan biri uning o‘rniga boradigan odam uchun 150 somoni (taxminan 13 dollar) to‘ladi», — deb xabar berishgan «Aziya-plyus» muxbirlariga.
Xususiy maktablarda ham vaziyat shunga o‘xshash. O‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular tushlik yoki transport bilan taminlanmagan, tergan kilogrammlari uchun haq to‘lanmaydi va paxta terimidan bosh tortganlarga jarima va ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishadi.
Paxta terimi rasmiy ma’lumotnoma olish uchun shartga aylangani haqida ham xabarlar bor: «Buvi nabirasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olish uchun shahar FHDYO bo‘limiga borgan. Unga: «Avval 500 kg paxta terib berasiz, deyishgan. Axir, bu qonundanmi?»
Konibodom tumanida mahalliy hokimiyat «prezident topshirig‘iga asoslanib» har bir oila uchun 500 kgdan paxta terish rejasini belgilagan.
Bobojon G‘afurov tumani raisining o‘rinbosari Dilorom Tursunzoda maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarning paxta terimidagi ishtirokini tasdiqlaydi, ammo buni «fermerlarni ixtiyoriy qo‘llab-quvvatlash» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy buyruqlar yo‘q va bolalar «tushlik bilan ta’minlanadi».
Bu yili So‘g‘d viloyatida 49 000 gektar maydonda paxta ekilgan. Sohaning strategik mavqeiga qaramay, rentabellik pasayib bormoqda va hosil yig‘im-terimi ko‘proq davlat sektori xodimlari tomonidan bajarilmoqda.
Tojikistonda 2009 yildan beri bolalar mehnati taqiqlangan. Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasi, 9-bo‘limiga ko‘ra, o‘quvchilar qishloq xo‘jaligi yoki ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Shunga qaramay, qonun deyarli hamma joyda buziladi, ba’zan bu holat fojiali oqibatlarga olib keladi. Masalan, 2024 yili Bobojon G‘afurov tumanida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darilib ketgan va uch kishi jabrlangan. 2021 yili 15 yoshli qiz traktor urib yuborganidan so‘ng olamdan o‘tgan.



