Joriy yilning uchinchi choragida Rossiyada yashovchi migrantlarning taxminan 87 foizi rus tili, tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslari fanidan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdi. Biroq, chet elliklarning 35 foizdan ortig‘i birinchi urinishda testlardan o‘ta olmagan, deb xabar beradi RIA Novosti RF Fan va oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda.
Vazirlik monitoringiga ko‘ra, iyul, avgust va sentyabr oylarida 275 609 kishi chet tili sifatida rus tili, Rossiya tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslari fanlaridan patent olish uchun zarur bo‘lgan darajaga imtihon topshirgan. Ulardan 86,9 foizi imtihondan o‘tgan. Biroq, 35,1 foizi birinchi urinishda imtihondan o‘ta olmagan.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya Federatsiyasining barcha subyektlarida 203 ta punktda imtihon topishirish mumkin. Bunga 88 ta universitet, jumladan, Rossiya TFan va oliy ta’lim vazirligi tasarrufidagi 82 ta universitet kiradi. Biroq, migrantlar rus tilidan bilimini sinab ko‘radigan shunga o‘xshash muassasalar Rossiyadan tashqarida, Markaziy Osiyoning ikkita davlatida: Tojikiston va O‘zbekistonda ham mavjud.
Belgilangan qoidalarga ko‘ra, baholash uch darajada o‘tkaziladi. Birinchisi Rossiyada ishlash ruxsatnomasini olish, ikkinchisi vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) va uchinchisi doimiy yashash ruxsatnomasini (VNJ) olish uchun. Har bir imtihon uch qismdan iborat: rus tili, mamlakat tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslari.
2025 yil iyun oyida Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi migrantlarning taxminan 30 foizi birinchi urinishda rus tili testlaridan o‘ta olmaganini xabar qilgandi. Vazirlik o‘sha paytda aniqlik kiritishicha, ularning yarmi keyingi urinishlarda o‘ta olmagan.
Shuni ta’kidlash lozim, imtihon testlarining mazmuni ba’zan baxs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekiston rasmiylari ushbu materiallarda 1812 yilgi Vatan urushi yoki Qrimning qo‘shib olinishiga doir savollar kabi mehnat faoliyatiga daxlsiz ko‘plab ma’lumotlar mavjudligidan norozilik bildirishgan.
Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev islohotlar zarurligini tan olgan. Jumladan, u tarix va huquq bo‘yicha savollarni minimallashtirish mantiqan to‘g‘ri, deb hisoblaydi.



