Janubiy Koreyada terrorizmni moliyalashtirishda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi

baoquocte.vn sayti fotosurati

Janubiy Koreya politsiyasi tergovchilar fikriga ko‘ra, go‘yoki xayriya ishlari uchun pul yig‘ib, ularni terrorchi tashkilotlarga jo‘natgan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. Mahalliy The Chosun Daily nashrining xabar berishicha, ekstremistlar uchun yuborilgan bu mablag‘ mamlakatda qayd etilgan eng katta summa hisoblanadi.

Huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotlariga ko‘ra, chet ellik 16 oktyabr kuni Kyongido provinsiyasining Ansan shahridagi mehmonxonada hibsga olingan. Operatsiyada politsiyaga Koreya Milliy razvedka xizmati va Federal tergov byurosi (AQSH) vakillari yordam berishgan.

O‘zbekiston fuqarosi Afrikada neft qazib olish loyihalarini amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan xayriya tashkiloti uchun Tether (USDT) kriptovalyutasini yig‘ayotgan bo‘lgan. Hibsga olingan paytda gumondor ushbu mamlakat milliy valyutasidagi 952 million koreys voni (665 000 dollar) ekvivalentida pul yiqqan.

Biroq, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, erkak aslida terrorchi guruhlarga, jumladan, «Katiba Tauhid Val-Jihad»* va Hamas* tashkilotlariga mablag‘ jo‘natayotgan bo‘lgan. Xavfsizlik xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi jangarilarga 27 million von (taxminan 19 000 dollar) o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq, tranzaksiyalar ko‘lami kattaroq bo‘lishi mumkin, chunki, masalan, Hamas a’zolariga turli kanallar orqali o‘tkazilgan mablag‘larni kuzatish qiyin.

Qo‘lga olingan shaxs terrorizmga qarshi kurash va terrorizmni moliyalashni taqiqlovchi qonunlarni buzganlikda ayblangan.

Shuningdek, hibsga olingan shaxsning ijtimoiy tarmoqlar orqali jihod g‘oyalarini tarqatib, musulmonlarni radikal ekstremistik guruhlarga qo‘shilishga chaqirgani aniqlangan. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik fuqaro Koreyada futbol klubiga asos solgan. Tergovchilar bu tuzilma vatandoshlardan mablag‘ yig‘ish uchun tashkil etilgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilishmoqda, ammo bu epizod hozircha isbotlanmagan.

Gumonlanuvchi 2018 yili Janubiy Koreyaga talabalik vizasi bilan kelgan. Keyinchalik u universitetni tashlab, 2023 yildan beri u yerda qochqin sifatida yashab kelgan. Hibsga olinishidan oldin u 11 marta qochqinlik maqomini olish uchun ariza bergan, ammo doim rad javobini olgan.

O‘zbekistonda bu fuqaro respublika Jinoyat kodeksining terrorizmni moliyalashtirish moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2022 yili Markaziy Osiyo mamlakati rasmiylari uni hibsga olish uchun order bergan. Bundan tashqari, u mamlakatni tark etganidan so‘ng, uning pasporti bekor qilingan va Koreya politsiyasidan uni hibsga olish so‘ralgan.

Xavfsizlik xodimlari O‘zbekiston fuqarosini topish uchun tashqi kuzatuv kameralaridan foydalanishgan va uni hibsga olishgan, undan sakkizta mobil telefoni va noutbuk musodara qilingan. Hozirda qurilmalar sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, tergovchilar gumonlanuvchi shaxs terrorchilarga mablag‘ yuborishda kriptovalyutadan tashqari naqd puldan ham foydalanganmi yoki yo‘qmi, uning Koreyada sheriklari bor-yo‘qligini aniqlashmoqda.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.