Davlatga tegishli «Turkmangaz» konserni Turkiyaga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatdi, deb xabar beradi MK-Tursiya nashri.
«Turkmaniston neft va gazi – 2025» xalqaro konferensiyasi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Turkmangaz» raisi Maksat Babayev yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi. Uning eslatishicha, Turkmaniston va Turkiya o‘rtasida imzolangan shartnoma yiliga 2 milliard kubometr gaz eksport qilishni nazarda tutadi.
«Turkmangaz» raisi o‘rinbosari Murat Archayevning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv potensial risklar tahlil qilinayotgan sinov loyihasidir. Texnik jihatdan konsern shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga tayyor, «va mavjud muammolar hal qilingandan so‘ng, imzolangan shartnoma bo‘yicha yetkazib berish qayta tiklanadi».
Babayev Turkiya bilan shartnoma qisqa muddatli ekanligini qo‘shimcha qildi.
«Agar biz hajmlar yoki narxlar bo‘yicha kelisha olmasak, bizda boshqa xaridorlar ham bor. Buni bozor, deydilar», — deya Babayev so‘zlarini keltiradi Oilapital nashri Reutersga tayangan holda.
Xuddi shu xalqaro konferensiyada Turkiyaning davlatga qarashli VOTAŞ gaz kompaniyasi bosh direktori Abdulvahit Fidan Turkiyaning turkman gazini uzoq muddatli, keng ko‘lamda yetkazib berishga qiziqishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Turkiya rivojlangan infratuzilmasi va 34 mamlakat bilan tijorat aloqalari tufayli mintaqaning gaz ta’minotida yetakchi o‘yinchiga aylangan. Tugallangan xalqaro loyihalar orasida u Yevropaga gaz yetkazib berishda muhim rol o‘ynaydigan Trans-Anadolu tabiiy gaz quvurini (TANAP) alohida ta’kidladi.
«Endi ikki mamlakat yanada ulkan maqsadga — turkman gazini uzoq muddatli, keng ko‘lamda yetkazib berishga duch kelmoqda. Bu maqsadga erishish butun mintaqa uchun burilish nuqtasi bo‘ladi», — deya Fidan so‘zlarini keltiradi Report.az.
ℹ️ Mart oyida Turkiyaga gaz yetkazib berish boshlanganligi haqida xabar berar ekan, turkman nashri Orient VOTAŞ va «Turkmangaz» o‘rtasidagi kelishuv tomonlarning 1990-yillardagi muzokaralardan so‘ng qo‘lga kiritilgan tarixiy muvaffaqiyati ekanini ta’kidlagandi. Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar raqobatbardosh narxda yetkazib beriladigan turkman gazi taxminan 1,5 million turk oilasining yillik ehtiyojini qondirishini ma’lum qilgandi.
Shartnomaga ko‘ra, Anqara turkman gazini Eron orqali svop shartnomasi orqali import qiladi. 2025 yil oxiriga kelib yetkazib berish hajmi 1,3 milliard kubometrga yetishi kutilmoqda. May oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ushbu yetkazib berishni yana besh yilga uzaytirish niyatida ekanini e’lon qilgandi.
Oktyabr oyi boshida Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi turkman gazi importini, jumladan, Kaspiy dengizi orqali ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi. Turkiya tomoni ushbu yo‘nalish Turkmanistonning Yevropa Ittifoqini qo‘shgan holda uchinchi davlat bozorlariga kirishini ta’kidladi.
Turkmaniston tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda Rossiya, Eron va Qatardan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda turadi.