Moskvadagi Prokshino turar-joy kompleksida yuz bergan ommaviy mushtlashuvdan so‘ng hibsga olingan ikki migrant Rossiya fuqaroligidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
25 oktyabr kuni Yangi Moskva (Troitskiy va Novomoskovskiy ma’muriy okrugi)dagi «Prokshino» turar-joy kompleksida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Unda belkurak va metall tayoqlar bilan qurollangan o‘nlab xorijiy fuqarolar ishtirok etdi. Mojaro uylar yaqinida boshlangan, u yerda bir necha o‘nlab mashinalar turgan va ularning ba’zilari shikastlangan. Mushtlashuv videolavhalari ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Hodisa guvohlari turar-joy chatlarida tartibsizliklar oldini ololmagan va aholi transport vositalarini himoya qilolmagan majmua qo‘riqchilarining harakatlaridan norozilik bildirishgan. Ba’zilar qo‘riqchilarni qo‘llab-quvvatlab, bunday katta olomonni jismonan ushlab turishning iloji yo‘qligini aytishgan.
Mahalliy aholidan birining so‘zlariga ko‘ra, mojaro paytida u o‘zining uch farzandi bilan mashinalari ortida yashirinishga majbur bo‘lgan. Kimdir yo‘lakda qon izlarini payqagan. Politsiya xodimlarini ko‘rishi bilanoq, janjal ishtirokchilari tarqalib, qocha boshlashagan.
Jami 80 dan ortiq odam hibsga olingan va politsiya bo‘limiga olib ketilgan. RF Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi («Bezorilik») bilan ish qo‘zg‘atilgan va unda 19 nafar odam ayblanmoqda. Qolgan 65 ishtirokchiga nisbatan Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining turli moddalari bo‘yicha ma’muriy ayblovlar qo‘zg‘atilgan.
Ichki ishlar vazirligi noqonuniy harakatlarda ishtirok etgan barcha xorijiy fuqarolar Rossiya qonunchiligiga qat’iy muvofiq javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.
«Ozodlikdan mahrum qilish shaklida jinoiy jazoga tortilmaydigan chet el fuqarolari mamlakatimizdan deportatsiya qilinadi va keyinchalik belgilangan qonuniy tartibda kirishga ruxsat berilmaydi. Mazkur choraning amalga oshirilishi Rossiya IIV rahbariyati nazorati ostida», — deyiladi vazirlikning rasmiy bayonotida.
«Prokshino» turar-joy kompleksidagi janjal ishtirokchilari qaysi mamlakatga mansub ekanligiga aniqlik kiritilmagan.