Shavkat Mirziyoyev, Ursula fon der Lyayen va Antoniu Koshta. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati
24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Mirziyoyev matbuot xizmatining xabar berishicha, hujjat 1996 yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi.
Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi.
Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YEI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi hamda ko‘p qirrali sheriklikni misli ko‘rilmagan yuksak darajaga olib chiqadi, deb yozadi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
Yevropa Komissiyasining bayonotida ham O‘zbekiston bilan yangi shartnomaning ahamiyati ta’kidlangan. Unda hujjat qonun ustuvorligi, inson huquqlari va fuqarolik huquqlari sohalarida hamkorlikni nazarda tutishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, u mojarolarning oldini olish, inqirozlarni boshqarish, xavflarni kamaytirish, kiberxavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, qurolsizlanish, qurol nazorati va eksport nazoratini qamrab oluvchi tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
«Bugungi tarixiy kelishuv Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadi. Bu bizning siyosiy, savdo va mudofaa aloqalarimizda muhim qadamdir. Inson huquqlari, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik va demokratiya yaqinroq hamkorligimizning muhim elementlari bo‘ladi», — deydi Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas.
ℹ️ Yangi kelishuv loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yili boshlangan va 2022 yili yakunlangan. Hujjatning paraflanishi yoki rasmiy imzolanishidan oldingi kelishuvi 2022 yil 6 iyulda Bryusselda bo‘lib o‘tgandi.



