Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Bolat Nazarboyevning o‘g‘li va Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Nurbol Nazarboyev aktivlarini tekshirmoqda. Bu haqda nazorat organi rahbari Berik Asilov parlament so‘roviga javoban ma’lum qildi, deb xabar beradi Tengrenews.kz.
Bir oy oldin Majilismen (Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi deputati) Rinat Zayit Nurbol Nazarboyev sudlar tomonidan 57 milliard tenge (106 million dollar) qiymatidagi aktivlardan mahrum qilinganini va uning barcha bank hisoblari muzlatilganini e’lon qilgandi. Zayit shuningdek, Bolat Nazarboyevning bozorlarga reyder hujumi uyushtirishi mumkinligi va uning oilasiga tegishli «yashirin aktivlar» mavjudligi haqida gapirib, inventarizatsiya o‘tkazilishini, noqonuniy aktivlarni aniqlashni va ularni davlatga qaytarishni talab qildi.
1 oktyabr kuni deputat Yermurat Bapi shunga o‘xshash iltimos bilan murojaat qilib, Nurbol Nazarboyevga qarshi jinoiy ishni qayta ochishni talab qilgan. U qarag‘andalik biznesmen Kuat Yermentayevning sobiq prezidentn jiyani tomonidan uning mulkiga reyderlik bosqini uyushtirilgani bo‘yicha murojaat qilganini ma’lum qilgan.
Ushbu so‘rovlarga izoh berar ekan, Bosh prokuror «qonun doirasidagi ish unda ko‘rsatilgan shaxslarni qamrab olishini» ta’kidladi.
«Biroq, qonunning 8-moddasi 3-bandiga muvofiq, vakolatli organ va aktivlarni qaytarib olish komissiyasi a’zolari olingan ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlashga majburdirlar. Siz taqdim etgan ma’lumotlar aktivlarni noqonuniy olib qo‘yish va ularni qaytarishda hisobga olinadi», — dedi Berik Asilov.
Nurbol Nazarboyev — Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyevning o‘g‘li. U ilgari prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlarida ishlagan. U shuningdek, biznes bilan ham shug‘ullanadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, u «Prime Capital Invest» MCHJ va «Prime Capital Holding» MCHJga egalik qiladi.
2023 yil 12 iyulda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev «Noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Qonun kuchga kirganidan beri 1,3 trillion tenge (2,4 milliard dollar) qiymatidagi aktivlar davlatga qaytarilgan. Shundan 750 milliard tenge (1,4 milliard dollar) ixtiyoriy ravishda, 103 milliard tenge (191 million dollar) esa mulk ko‘rinishida. Qolgan aktivlar majburan qaytarilgan.



