Bishkek Yevropa Ittifoqini Qirg‘iziston banklariga qarshi qo‘llanilgan sanksiyalarning asosliligini tasdiqlab berishga chaqirdi

Qirg‘iziston TIV binosi. mfa.gov.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqini Qirg‘iziston banklarining yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani asosliligini tasdiqlash uchun mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Tashqi ishlar vazirligining bayonoti rasmiy saytda e’lon qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi Bryusselning Qirg‘iziston yuridik shaxslarini so‘nggi sanksiyalar paketiga kiritish qaroridan afsusda ekanini bildirdi va mamlakat o‘zining xalqaro majburiyatlariga qat’iy rioya qilishini ta’kidladi. Bayonotda mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfini birgalikda oldini olishga qaratilgan «ochiq va konstruktiv muloqot»ni qo‘llab-quvvalashiga urg‘u beriladi.

Bishkek Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik sheriklikni mustahkamlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish istagini bir necha bor bildirganini eslatdi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston tomoni Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari bilan «teng huquqli, o‘zaro hurmatga asoslangan va ishonchli sheriklik»ga tayyorligini bildirdi.

TIV Yevropa Ittifoqiga sanksiyalarni qo‘llash uchun foydalanilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish uchun mustaqil, xalqaro miqyosda tan olingan audit tashkil etishni taklif qildi. Vazirlikning tushuntirishicha, bunday qadam cheklovchi choralar taxminlarga emas, balki tasdiqlangan faktlarga asoslanganiga doir ishonch paydo qiladi.

Bundan tashqari, Bishkek Qirg‘iziston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida qo‘shma texnik ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Uning vazifasi muntazam ravishda moliyaviy ma’lumotlar almashish, tranzaksiyalarni kuzatish va potensial sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq xavflarni birgalikda baholashdan iborat bo‘ladi.

ℹ️ Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini e’lon qildi, ular orasida ikkita Qirg‘iziston banki – «Tolubay» va «Yevrosiyo jamg‘arma banki», shuningdek, uchta Tojikiston moliya instituti — «Dushanbe Siti bank», «Spitamen», «Tojikiston Kommersbanki» va Rossiya VTB bankining Qozog‘istondagi sho‘ba korxonasi bor edi.

Yevropa Ittifoqining rasmiy hujjatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish mezonlari bayon etilgan: Rossiya bankining sho‘ba korxonasi bo‘lish, Rossiya moliya tizimi bilan yaqin aloqada bo‘lish va Rossiya iqtisodiyoti va sanoatini mustahkamlashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi transchegaraviy to‘lovlarga xizmat ko‘rsatishda ishtirok etish.

Shu bilan birga, Tojikiston Milliy banki moliyaviy institutlar va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda vaziyatni ko‘rib chiqayotganini va ehtimoliy oqibatlar oldini olish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. «Dushanbe Siti bank» va «Tojikiston Kommersbanki» sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilish sabablaridan hali xabardor emasliklarini ma’lum qilishdi. Muassasalar odatdagidek ishlashda davom etmoqda. Banklar yevroda va ayrim yo‘nalishlarda transchegaraviy o‘tkazmalar bilan bog‘liq ba’zi qiyinchiliklar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi, ammo ularni minimallashtirish choralarini ko‘rmoqda.