S. Pol Kapur (S. Paul Kapur) AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi etib tasdiqlandi. AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, u 22 oktyabr kuni qasamyod qilgan.
Pol Kapur Nyu-Dehlida tug‘ilgan, otasi — hind, onasi — amerikalik bo‘lgan. U AQSHda o‘sgan, Chikago universitetida doktorlik darajasini olgan, Klermont MakKenn kolleji va AQSH dengiz floti aspirantura maktabida dars bergan va Guver institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
Kapur Janubiy Osiyoda xavfsizlik va yadroviy siyosat bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlari bilan mashhur. U:
▪️ «Jihod Buyuk Strategiya sifatida: Islom jangarilari islomizmi, milliy xavfsizlik va Pokiston davlati» (Oxford University Press) va «Xavfli to‘xtatib turuvchi faktor: Janubiy Osiyoda yadroviy qurolning tarqalishi va mojarosi» (Stanford University Press) kitoblarining muallifi;
▪️ «Hindiston, Pokiston va bomba: Janubiy Osiyoda yadroviy barqarorlik bo‘yicha munozaralar» (Columbia University Press) kitoblarining hammuallifi;
▪️ «Yadro xavfsizligi muammolari: AQSH va Hindiston nuqtayi nazarlari» (Palgrave Macmillan) kitobining hamnoshiri.
Kapurning ishlari yetakchi akademik jurnallarda va turli antologiyalarda ham nashr etilgan.
Pol Kapur 2021 yil sentyabridan 2025 yil yanvarigacha ushbu lavozimda ishlagan AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Luning o‘rnini egallaydi.
Kapur AQSHning Afg‘oniston, Bangladesh, Butan, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Maldiv orollari, Nepal, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Shri-Lanka bilan diplomatik sa’y-harakatlari, strategik sherikligi va mintaqaviy aloqalarini nazorat qiladi. Uning vazifalariga xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, terrorizmga qarshi kurash va infratuzilmani rivojlantirish masalalari kiradi.



