Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketiga Qirg‘izistonning ikkita banki va Tojikistonning uchta banki kiritildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgan hujjatda ma’lum qilindi.
Sanksiya ro‘yxatiga Qirg‘izistonning «Tolubay» va «Yevroosiyo jamg‘arma banki», shuningdek, Tojikistonning «Dushanbe Siti bank», «Spitamen» va «Tojikiston Kommersbanki» kiritilgan. Ushbu muassasalar bilan bog‘liq cheklovlar, ya’ni tranzaksiyalarni taqiqlash 2025 yil 12 noyabrdan kuchga kiradi.
Yevropa Ittifoqi hujjatida bitimlar taqiqlangan yuridik shaxslar ro‘yxatiga uchinchi mamlakatlarning beshta kredit muassasasini qo‘shish maqsadga muvofiq ekani aytiladi. Xususan, cheklovlar uchta toifadagi tashkilotlarga taalluqli bo‘ladi: Rossiya kredit yoki moliya institutlarining uchinchi mamlakatlardagi sho‘ba korxonalari, Rossiya moliya tizimi bilan chambarchas bog‘langan yirik mintaqaviy banklar va Rossiya iqtisodiyoti va sanoati mustahkamlanishiga hissa qo‘shayotgan
yirik transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshiruvchi banklar.
Umuman olganda, Yevropa Ittifoqining 19-sanksiya paketi 40 dan ortiq yuridik shaxslarni o‘z ichiga oladi, ularning yarmi Rossiyaga tegishli bo‘lmagan tuzilmalardir. Ular orasida, xususan, Rossiyaning VTB bankining sho‘ba korxonasi bo‘lgan VTB Qozog‘iston, shuningdek, Xitoyning 12 ta kompaniyasi bor: ulardan yettitasi logistika, savdo va ta’minot zanjiri boshqaruvi bilan shug‘ullanadi, uchtasi elektronika va butlovchi qismlar yetkazib berishga, ikkitasi dastgohlar va nozik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
ℹ️ Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida AQSH Qirg‘izistonning «Keremet Banki»ni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda gumon qilib, unga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.



