Yevropa Ittifoqi Tojikiston hukumatini qamoqdagi advokat va jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi

Temur Varkining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan kollaj

Yevropa Ittifoqi Tojikiston hukumatini qamoqdagi advokatlar, huquq himoyachilari va jurnalistlarni zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilishga chaqirib, aniq ishlar ro‘yxatini taqdim etdi. Bu chaqiriq 17 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Tojikiston o‘rtasidagi inson huquqlari bo‘yicha 15-muloqot chog‘ida yangradi, deb xabar beradi Yevropa Ittifoqining Tojikistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida Yevropa Ittifoqi Tojikistondagi jurnalistlar, huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyatining ish sharoitlaridan chuqur xavotir bildirdi. Bryussel rasmiylarni ilgari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni ta’minlashga chaqirdi.

Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati (TBAV)dagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Yevropa Ittifoqi o‘lkada inson huquqlari bo‘yicha progress yo‘qligidan jiddiy xavotir bildirdi va Dushanbeni Pomirdagi ozchilik halq bilan konstruktiv va ochiq muloqotga chaqirdi.

Tomonlar qiynoqlar va g‘ayriinsoniy muomalaning boshqa shakllari oldini olish, shuningdek, jazoni ijro etish tizimini isloh qilish masalalarini muhokama qildi. Qamoqxonalarda mustaqil monitoring tizimini yaratish va sud nazoratini samarali ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Tojikiston hukumatini adolatli sudlovning xalqaro standartlariga rioya qilishga chaqirdi.

Muloqot chog‘ida ayollar huquqlari, gender asosidagi zo‘ravonlik, kamsitishning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Yevropa Ittifoqi Tojikistonda inson huquqlari bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqishda ma’lum yutuqlarga erishilganini e’tirof etdi, lekin uni samarali amalga oshirish muhimligicha qolayotganini ta’kidladi. Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini, jumladan, siyosiy plyuralizm va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini hurmat qilishni rag‘batlantirish ikki tomonlama munosabatlarning tamal toshi bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi. Bu sohadagi sezilarli yutuqlar Tojikistonning GSP+ (Umum imtiyozlar plyus tizimi) maqomini olish uchun ariza berishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, bu esa savdo imtiyozlarini beradi, deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqi. Fuqarolik va siyosiy erkinliklarni yaxshilash, shuningdek, etnik va diniy ozchilikni tashkil etuvchi halqlarni himoya qilish asosiy shartlar sifatida belgilandi.

Muloqot 2025 yil iyul oyida Yevropa Ittifoqi va Tojikiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan so‘ng ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash bo‘yicha umumiy majburiyatni yana bir bor tasdiqladi. Kelgusi kelishuv bo‘yicha muvaffaqiyatli iqtisodiy hamkorlik kuchli demokratik institutlar hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish borasidagi davomiy taraqqiyot bilan ta’minlanishi kerakligi qo‘shimcha qilindi.

Qayd etish lozim, bu Yevropa Ittifoqining tojik siyosiy mahbuslarini ozod etishga qaratilgan birinchi urinishi emas – 2023 yil oxiridagi Inson huquqlari bo‘yicha 14-muloqot chog‘ida ham xuddi shunday chaqiriq bildirilgan edi.

▶️ Sobiq tojik jurnalisti Temur Varki Tojikiston Oliy sudi tomonidan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi (TIUP) ekstremistik tashkilot deb e’lon qilingani va mamlakatda ommaviy repressiyalar boshlanganidan so‘ng, 2015 yildan beri siyosiy sabablarga ko‘ra sudlangan hamkasblari, blogerlar va TIUP rahbariyati a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatdagi jurnalistlarning ba’zilari islomiy partiyaga aloqadorlikda ayblangan bo‘lsa, yana bir qismi davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda ayblangan. Ular orasida:

▪️ Muhammadali Hayit (Mahmadali Hayit), umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan;

▪️ Rahmatullo Rajab – 28 yilga ozodlikdan mahrum etilgan;

▪️ Abduqahhori Davlat – 28 yil;

▪️ Ulfatxonim Mamadshoeva – 21 yil;

▪️ Ahmadshoh Komilzoda – 19 yil;

▪️ Hikmatullo Sayfullozoda – 16 yil;

▪️ Komchek (Komer) Mirzoyev – 10 yil;

▪️ Daleri Imomali – 10 yil;

▪️ Ahmad Ibohim — 10 yil;

▪️ Xushruz Jumayev (Xushom G‘ulom) — 8 yil;

▪️ Ruxshona Hakimova — 8 yil;

▪️ Abdullo G‘urbati — 7,5 yil;

▪️ Zavkibek Saidamini — 7 yil;

▪️ Abdusattor Pirmuhammadzoda — 7 yil;

▪️ Mamadsulton Mavlonazarov (Muhammali Sulton) — 7 yil;

▪️ Xurshed Fozilov — 7 yil qamoq jazosini olgan.

Shu yilning sentyabrida «Najot» gazetasining sobiq bosh muharriri, taniqli dinshunos, TIUP asoschilaridan biri, 80 yoshli Zubaydullo Ro‘zik Tojikiston qamoqxonasida vafot etdi. 2016 yili u 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Xalqaro tashkilotlar siyosiy sabablar bilan qamalgan bir necha advokatni ham zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ular orasida Buzurgmehr Yorov, Manuchehr Xoliqnazarov, Nuriddin Mahkamov bor.