Bishkek shahar sudi 2019 yili bo‘lib o‘tgan Qo‘y-Tosh ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishni yakunladi. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan 11,5 yillik qamoq jazosi, davlat mukofotlaridan mahrum qilish va mulkini musodara qilish hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Kaktus.media nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, shahar sudi hay’ati birinchi instansiya sudining faqat bitta qarorini o‘zgartirgan. Bu «Sotsial-demokratlar» partiyasidan parlamentdagi sobiq deputat Irina Karamushkina ustidan chiqarilgan hukmga tegishli. Uning ilgari tayinlangan jazo muddati mol-mulki musodara qilingan holda umumiy rejimdagi koloniyadagi 7,5 yillik qamoq jazosi 8 yilga oshirildi.
3 iyun kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qolgan. Xususan, Prezident Administratsiyasining sobiq rahbari Farid Niyozovga nisbatan 7 yilu 8 oy qamoq jazosi o‘z kuchida qoldirildi.
Apellyatsiya muhokamasi chog‘ida Niyozov ishda ayblanuvchilarning hech biri qonunni buzmaganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, ayblanuvchilar tartibsizliklar uyushtirmagan, aksincha, olomonni noqonuniy xatti-harakatlar qilishdan tiygan.
Prezident Administratsyasining sobiq rahbari o‘z nutqida, shuningdek, sud Qirg‘iziston huquq tizimi qay darajada buzilganligini, jumladan, dalillarni soxtalashtiruvchi tergovchilar va hech narsani ko‘rmaydigan prokurorlarni ko‘rsatishi kerakligini ta’kidlagan.
«Balki 10 yildan so‘ng Qo‘y-Tosh voqealari aybdorlarini toparmiz. Elita «Alfa» maxsus kuchlarini kim oyog‘idan chalgani, ularni kim olomonning qahriga tashlab qo‘yganini aniqlarmiz. Biz barchamiz, jumladan, men ham maxsus kuchlarni qutqardik, nafaqat olti nafarini, balki Sooronbay Jeenbekovning (Qirg‘iziston prezidenti Atambayevdan keyin o‘rinbosar bo‘lgan va Qo‘y-Toshdagi tartibsizliklar paytida mamlakatni boshqargan Qirg‘iziston prezidenti – «Farg‘ona» izohi) jinoiy harakatlari tufayli shunday ahvolga tushib qolgan barcha 50 nafar askarni qutqardik», — degan Niyozov.
ℹ️ 2019 yil avgust oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus kuchlari Almazbek Atambayevni Bishkek yaqinidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida hibsga olishga uringan. Ammo siyosatchining tarafdorlari xavfsizlik kuchlariga qarshilik ko‘rsatgan. Natijada bir maxsus kuchlar zobiti halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam yaralangan.
ℹ️ Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sud jarayoni 2022 yili boshlangan. Keyinroq sud jarayoniga korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar qo‘shilgan. 2023 yil fevralida Atambayev xorijda davolanish uchun hibsdan ozod qilinadi. U Ispaniyaga uchib ketgan va shundan beri vataniga qaytmagan.
Hukm 2025 yil 3 iyunida chiqarilgan. Atambayev sirtdan 11,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, yana bir qancha ayblanuvchilar qamoq jazosiga hukm qilingan, qolganlariga esa shartli jazo tayinlangan. Ushbu qarorni sharhlar ekan, respublikaning amaldagi rahbari Sadir Japarov sobiq prezident va uning tarafdorlarini afv etishga tayyor ekanini bildirdi.



