Qozog‘iston g‘arbida dron portladi — uchuvchisiz uchish apparati portlovchi zaryadga ega bo‘lgan, deb xabar beradi «Uralskaya nedelya» mahalliy nashri. Voqea 23 oktyabr kuni ertalab G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining Burlin tumanidagi Qiziltol qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
«Qishloqdagi uylar tomlarining uchib ketishiga oz qoldi», — deydi voqea guvohlari nashrga. Xabarda aytilishicha, dron portlashidan yuzaga kelgan kraterga ko‘ra, uchoq kuchli portlovchi zardga ega bo‘lgan.
Hozirda voqea joyida tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar bo‘limi va politsiya vakillari ishlamoqda. Harbiy prokuratura jinoiy ish ochgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi dronning topilgan bo‘laklari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotgani va obyekt «qishloq hududidan chetda» topilganini ma’lum qildi.
Bugun Rossiyaning G‘arbiy Qozog‘iston viloyati bilan chegaradosh Orenburg o‘lkasida dron tahdidi e’lon qilingan edi. Bu haqda viloyat gubernatori Yevgeniy Solnsev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilgandi.
Ta’kidlash joiz, bu Qozog‘iston g‘arbida dronlar bilan bog‘liq sodir bo‘lgan birinchi voqea emas. Biroq, avvallari ularni butun holda topishgan edi.



