Orenburg gazni qayta ishlash zavodi dron hujumi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Qorachig‘anoq konidan gaz olishni qaytadan boshladi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov Majilis (parlament quyi palatasi) yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi Vlast.kz.
«Gaz olishni boshladik(...). Sekin-asta, kecha va’da qilganimdek, faoliyatimizni tiklayapmiz. Hammasi joyida», — dedi Akkenjenov. Uning qo‘shimcha qilishicha, kondagi ishlar ham parallel qayta tiklanadi.
Orenburg GQZ — Rossiyadagi eng yirik tabiiy gazni qayta ishlash zavodidir. 19 oktyabr kuni ertalab dron hujumi haqida xabar berilgan. Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsevning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida «sexlardan birida yong‘in chiqqan».
Qorachig‘anoq — G‘arbiy Qozog‘istondagi neft va gaz kondensat koni. U yerda ishlab chiqarilgan gazning bir qismi rezervuarga qayta quyiladi, qolgan qismi esa Rossiyaga, Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yuboriladi, chunki konning o‘zida gazni qayta ishlash quvvati yo‘q.
Rossiya kompaniyasi kondan xomashyo importini to‘xtatgani sababli Qozog‘iston Qorachig‘anoqdagi neft va gaz kondensati qazib olishni 25-30 foizga qisqartirishga majbur bo‘lgandi. Biroq, Qozog‘iston rasmiylari hodisa mamlakatning gaz ta’minotiga ta’sir qilmaganini ta’kidladi. Mamlakat iste’molchilariga gaz odatdagidek, hech qanday cheklovlarsiz yetkazib berilmoqda.



