Yigirma bir yoshli rossiyalik tennischi Mariya Timofeyeva fuqaroligini o‘zgartirdi va endi u O‘zbekiston uchun kurash olib boradi. Bu haqda WTAga tayanib, Gotennis xabar berdi.
«Ha, Mariya Timofeyeva rasman fuqaroligini o‘zgartirgan va endi O‘zbekiston uchun kurash olib bradi. Uning butun oilasi — onasi va otasi olti oydan ortiq vaqtdan beri Toshkentda yashayapti. U federatsiyaga o‘zi murojaat qilib, allaqachon pasport va ID karta olgan», — dedi O‘zbekiston Tennis federatsiyasi raisi o‘rinbosari Iroda To‘laganova.
Mariya WTA jahon reytingida 146-o‘rinni egallab turibdi, uning eng yaxshi reytingi 93-o‘rin. Fuqaroligini o‘zgartirish e’lon qilinishidan bir kun oldin, 19 oktyabr kuni u Portugaliyada bo‘lib o‘tgan ITF W75 turnirida g‘olib bo‘ldi.
Timofeyeva avtomatik tarzda ayollar o‘rtasida O‘zbekistonning birinchi raqamli o‘yinchisiga aylandi. Avvalroq WTA reytingida 1012-o‘rinni egallagan 36 yoshli Vlada Yekshibarova eng kuchli deb topilgandi.
Mariya Timofeyeva Moskvada tug‘ilgan. U Sloveniyaning Koper shahrida Anej Morel qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boradi. 2023 yili u Budapesht turnirining finalida ukrainalik Katerina Bayndlni mag‘lub etib, o‘zining ilk WTA Tour chempionligini qo‘lga kiritgandi. Keyin oyog‘idagi jarohat tufayli uch oylik tanaffusga chiqishga majbur bo‘ldi. 2024 yili u Avstraliya Ochiq chempionatida debyut qildi (u saralashdan o‘tdi) va to‘rtinchi bosqichga chiqdi. Uning karyerasidagi mukofot pullari deyarli 800 000 dollarni tashkil qiladi.



