Tegishli xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilish yuridik jihatdan imkonsiz hisoblanadi. Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lum qildi, deya xabar beradi mazkur tashkilotning matbuot xizmati.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning (FSXP) bajarilishini nazorat qiluvchi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi avvalroq Paktning o‘zida va uning Ikkinchi Fakultativ рrotokolida denonsatsiya uchun qoidalar mavjud emasligini tushuntirib bergan. Bu shuni anglatadiki, ushbu shartnomalarni qabul qilgan davlatlar uchun o‘lim jazosining bekor qilinishi huquqiy jihatdan imkonsiz va ularga o‘lim jazosini o‘z qonunchiligiga qayta kiritish taqiqlanadi, deb tushuntirdi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Tyurk.
Bundan tashqari, Protokolni hech qanday izohlarsiz ratifikatsiya qilgan davlatga, hatto eng og‘ir jinoyatlar uchun ham o‘lim jazosini qo‘llash taqiqlanadi.
«Ko‘p yillar davomida Qirg‘iziston o‘lim jazosini umumbashariy bekor qilish bo‘yicha o‘sib borayotgan va juda mamnuniyat bilan qabul qilingan global konsensusning bir qismi bo‘lib kelmoqda. Hozirgi qonunchilik tashabbuslari, jumladan inson huquqlari kengashining yaqinda davlatlarni Ikkinchi Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagan mamlakat majburiyatlari ruhiga zid keladi», — dedi Tyurk.
Uning eslatishicha, Qirg‘iziston 1998 yili o‘lim jazosini to‘xtatgan va 2010 yili Ikkinchi Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilgandan so‘ng uni qonuniy ravishda bekor qilgan. Ushbu xalqaro shartnoma ishtirokchi davlatlarni o‘lim jazosini to‘liq bekor qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
O‘lim jazosini qayta joriy qilish xalqaro huquqning jiddiy buzilishi va Qirg‘iziston uchun regressiv qadam bo‘ladi, dedi Tyurk.
«Paktda va Ikkinchi Fakultativ protokolda mustahkamlangan huquqlar, bir marta berilgandan so‘ng, ishtirokchi-davlat hududida yashovchi shaxslarga tegishli bo‘lib, ular taklif qilingan asoslardan qat’i nazar, bekor qilinmaydi», — dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hech bir adliya tizimi xatoliklardan kafolatlanmagan va o‘lim jazosining qayta joriy etilishi muqarrar ravishda davlatarda begunoh odamlarning ham qatl etilishiga olib keladi.
Tyurk mazkur tashabbusni muhokama qilishga turtki bo‘lgan jinoyatlarning og‘irligini tan olar ekan, o‘lim jazosining jinoyatni samarali to‘xtatib qolishiga oid dalillar yo‘qligiga e’tibor qaratadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini qayta tiklash g‘oyasidan zudlik bilan voz kechgan holda fuqarolar huquqiy himoyasini kuchaytirish, adolatga erishish va jabrlanganlarga tovon to‘lashga e’tibor qaratishga chaqirdi. Tyurkning so‘zlariga ko‘ra, zo‘ravonlikka, jumladan, jinsiy zo‘ravonlikka qarshi javob chorasi jabrlanuvchiga qaratilgan bo‘lishi va yetarlicha resurslar bilan ta’minlanishi kerak.
Hozirda dunyoning 170 ga yaqin davlati o‘lim jazosini bekor qilgan yoki uning qonunchilik yoki amaliyotda qo‘llanilishiga moratoriy kiritgan.
ℹ️ 2025 yil sentyabr oyi oxirida 17 yoshli Aisuluu Mukashevaning dastlab zo‘rlangani va so‘ng o‘ldirilgani o‘lim jazosini qayta tiklash tashabbusiga asos bo‘ldi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston prezidenti Konstitutsiyaga bolani zo‘rlash, shuningdek, bola yoki kattalarni zo‘rlab, so‘ng o‘ldirish holatlari uchun o‘lim jazosiga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlar kiritishni buyurdi. Bundan tashqari, Ikkinchi Fakultativ protokoldan chiqish taklif etiladi. Mamlakat Konstitutsiyasiga o‘lim jazosini qayta tiklash bo‘yicha o‘zgartirishlar kirituvchi qonun loyihasi tayyor va yaqin haftalarda mamlakatda bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kutilmoqda.