ISSV: Saudiya Arabistoni kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiya portfeli 30 milliard dollarga yetdi

O‘zbekiston ISSV matbuot xizmati fotosurati

Saudiya Arabistoni kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi sarmoyaviy portfeli 30 milliard dollarga yetdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) rahbari Laziz Qudratov ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».

«Alohida ta’kidlash kerakki, bu suveren moliyalashtirish emas, ya’ni davlat kafolati bilan berilgan mablag‘lar emas. Barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (FDI). Buni Saudiya Arabistonining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi deb atash mumkin», — dedi Qudratov.

Ayrim kelishuvlarga o‘tgan hafta, 14 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan 7-Hukumatlararo komissiya va 6-Tadbirkorlar kengashi yig‘ilishlarida erishilgan. Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistonidan 70 dan ortiq davlat idoralari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Saudiya Arabistoni delegatsiyasi tarkibida Acwa Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Al Arkkan, Al Muhaidib Group, Data Volt, Riyadh Cables, Saudi Tabreed, AlBawani Holding, Miahona va boshqa bir qancha kompaniyalar vakillari bo‘lgan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, turizm, transport va logistika, axborot texnologiyalari, infratuzilma qurilishi, uy-joy kommunal xo‘jaligi, suv xo‘jaligi sohalarida 10 ta ikki tomonlama hujjat va loyihalar imzolandi.

Investitsion portfelga Samarqand viloyatida quvvati 200 MVt gaz porshenli elektr stansiyasini qurish, Farg‘ona va Jizzaxda oqava suvlarni tozalash loyihalari, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, Yangi Toshkent shahrida Ar-Riyod turar-joy mavzesini qurish va boshqalar kiradi.

ℹ️ 2024 yili O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 142,4 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida bu ko‘rsatkich 111,5 million dollardan iborat bo‘ldi. O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi 27 ta korxona faoliyat ko‘rsatib, 27,2 milliard dollarlik 56 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, shundan 2025 yili 900 million dollari o‘zlashtirildi.