Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining sobiq murabbiyi Tojikistonda erkaklar klubini boshqaradi

Sherali Boboqulov. «Istaravshan» klubi matbuot xizmati fotosurati

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Sherali Boboqulov Tojikistonda erkaklar o‘rtasidagi oliy ligada ishtirok etayotgan «Istaravshan» klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi.

O‘zbekistonlik murabbiy mavsum boshidan buyon jamoani boshqarib kelgan tojikistonlik Shuhrat Shamsiyev o‘rnini egalladi.

Bu Boboqulovning professional erkaklar futbolidagi ilk tayinlanishidir. Uning shartnomasi shu yil oxirigacha amal qiladi. Murabbiy zimmasiga klubni quyi ligaga tushib ketishdan qutqarish vazifasi qo‘yilgan. 19 oktyabr kuni Boboqulov qo‘l ostidagi ilk uchrashuvda «Istaravshan» kutilmaganda liga peshqadamlaridan biri bo‘lgan Dushanbening SSKA klubini (2:1) mag‘lub etdi.

Eslatib o‘tamiz, «Istaravshan»da to‘rt nafar o‘zbekistonlik futbolchi bor.

Sherali Boboqulov bir necha yil davomida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi va Jizzaxning «So‘g‘diyona-W» klubiga ustozlik qilgan. 2021 yilda u O‘zbekistonning ayollar futbolidagi eng yaxshi murabbiyi deb topilgan. Murabbiy qo‘l ostida «So‘g‘diyona» jamoasi O‘zbekiston chempionati va kubogida, shuningdek, ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan.