Orenburg gazni qayta ishlash zavodi (Rossiyada joylashgan) uchuvchisiz uchish apparati hujumidan so‘ng Qozog‘istonning yirik Qorachig‘anoq konidan qayta ishlash uchun gaz qabul qilishni to‘xtatdi. Tegishli xabar Qozog‘iston Energetika vazirligining Telegram-kanalida 19 oktabr kuni e’lon qilindi.
«Rossiya tomonidan yetkazilgan zarar mohiyati va zavod faoliyatini tiklash muddatlari haqida ma’lumot hozircha taqdim etilmadi, — deyiladi xabarda.
Vazirlik Qozog‘istonda iste’molchilarga gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmaganini ta’kidladi. Qozog‘iston Energetika vazirligi vakillari Rossiya tomoni va kon operatorlari bilan hamkorlikda vaziyatni kuzatib bormoqda.
Rossiyadagi eng yirik tabiiy gazni qayta ishlash zavodiga dron hujumi 19 oktyabr kuni ertalab xabar qilindi. Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsevning so‘zlariga ko‘ra, zavod infratuzilmasi qisman shikastlangan; dron zarbasidan so‘ng, «sexlardan birida yong‘in chiqqan». Talofat oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha favqulodda xizmatlar safarbar etilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.
G‘arbiy Qozog‘istondagi Qorachig‘anoq neft va gaz kondensat koni 280 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallaydi va dunyodagi eng yirik konlaridan biri hisoblanadi. U yerda ishlab chiqarilgan neftning katta qismi Kaspiy quvurlari konsorsiumi orqali eksport qilinadi. Ishlab chiqarilgan gazga kelsak, shartnomaga ko‘ra, Qorachig‘anoq operatori gaz hajmining kamida 40 foizini qayta quyish majburiyatini oladi. Bu ishlab chiqarish darajasini saqlab qolish va konning samarali ishlashi uchun zarur hisoblanadi.
Qolgan hajm Rossiyaga, Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yuboriladi, chunki konning o‘ziga xos qayta ishlash quvvati yo‘q. Rossiyaning «Gazprom» va «KazMunayGaz» kompaniyalari o‘rtasidagi «Kazrosgaz» qo‘shma korxonasi aynan shu maqsadda yaratilgan. Kompaniya Qorachig‘anoqdan Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga suyultirilgan gaz ishlab chiqarish uchun xom ashyo yetkazib beradi, shundan so‘ng yoqilg‘i vakolatli savdogarlar orqali eksport qilinadi, tovar gazining bir qismi respublikaga qaytariladi.
Amaldagi kelishuvlarga ko‘ra, Qorachig‘anoq 2038 yilgacha Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yiliga 9 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berishi mumkin.