Srechko Katanetsning O‘zbekiston terma jamoasidagi yordamchilari O‘FAdan 350 ming yevro talab qilmoqchi

Katanetsning murabbiylar shtabi. Gazeta.uz sayti fotosurati

Srechko Katanetsning O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabida ishlagan sloveniyalik uch nafar mutaxassis shartnomadagi maoshlari to‘lanmasa, FIFA Nizolarni hal qilish palatasiga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan (O‘FA) 350 ming yevro talab qilish shikoyati bilan murojaat qilmoqchi. Bu haqda «Farg‘ona»ga vaziyatdan xabardor manba ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, sloveniyaliklarning O‘FA bilan shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan, biroq Fabio Kannavaro murabbiylar shtabi kelishi bilan ular o‘z lavozimlaridan chetlatilgan.

«Ularga yoshlar terma jamoalari bilan o‘z muddatini yakunlash taklif qilindi, biroq sloveniyaliklar rad javobini berishdi, chunki shartnoma terma jamoa bilan imzolangan va ular bir necha yil shug‘ullanib, jamoani jahon chempionatiga olib chiqqandi», — deb tushuntirdi manba «Farg‘ona»ga.

FIFAga aniq kim murojaat qilishi aniqlanmagan. Umuman olganda, Srechko Katanes shtabida beshta sloveniyalik yordamchi bor edi: Alesh Chex va Vlado Radmanovich yordamchi, Martin Magister futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga javob bergan, Nixad Pejkovich darvozabonlar bilan ishlagan, Yan Katanes esa fizioterapevt bo‘lgan. Martin Magister aftidan Kannavaroning shtabida qolgan.

Eslatib o‘tamiz, sloveniyalik mutaxassislar Srechko Katanes kasalligi tufayli bosh murabbiylikdan ketganidan so‘ng terma jamoa shtabida ishlashda davom etishdi. Ular Timur Kapadzening jamoani jahon chempionatiga olib chiqishiga yordam berishdi. Keyinchalik taniqli mutaxassisni ishga olish uchun xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Biroq, tajribali murabbiylarning aksariyati, jumladan, Yoaxim Lyov, Paulo Bentu va Slaven Bilich taklif qilingan shartlardan qoniqmagani uchun taklifni rad etishdi. Fabio Kannavaro taklifni qabul qildi. U futbolchi sifatida «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritganiga qaramay, hali murabbiy sifatida sezilarli muvaffaqiyatlarga erisha olmagan.