Rossiyaning «Gazprom» energetika kompaniyasi 2025 yili O‘zbekistonga 7,7 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berishni rejalashtirmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 2 milliard kub metrdan ko‘proq. Rossiya hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak davlat kompaniyasining eksport shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi haqida ma’lum qildi.
Novak va O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning Rossiya energetika haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, «Gazprom» «zangori olov»ni yetkazib berishda davom etadi va yil oxirigacha o‘z kelishuvlarini bajarib, Markaziy Osiyo respublikasiga 7,7 milliard kub metr gaz yetkazib beradi.
Shu bilan birga, yetkazib berish hajmini, jumladan, suyultirilgan gazni ko‘paytirish istiqbollari ham katta, dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Yig‘ilishda 2024 yili Rossiya O‘zbekistonga 233,5 ming tonna neft yetkazib bergani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar Markaziy Osiyo respublikasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, bu foydali qazilma zaxiralariqazib olish qiyin bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish loyihalariga taalluqlidir.
Novak va Mirzamahmudov atom sohadagi hamkorlikni ham muhokama qilib, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish muhimligini qayd etdi. Tomonlar loyiha bitta maydonda ham kichik, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutishini tasdiqladilar. Bundan tashqari, kichik quvvatli stansiyaning birinchi energoblokida montaj ishlari boshlab yuborilgan.
ℹ️ 2023 yil iyun oyida O‘zbekiston «Gazprom» bilan yiliga 2,8 milliard kub metr — kuniga 9 million kubometr gaz sotib olish bo‘yicha ikki yillik shartnoma imzolagan. O‘sha yilning dekabr oyida Toshkent iltimosiga ko‘ra Rossiya energetika giganti yetkazib beriladigan gaz hajmini ikki barobarga oshirdi.
Rossiya kompaniyasi hisobotlariga ko‘ra, 2024 yili Markaziy Osiyo respublikasiga tabiiy gaz eksporti 5,64 milliard kub metrga yetgan.
Yoqilg‘i Qozog‘istondan tranzit o‘tuvchi «O‘rta Osiyo-Markaz» quvuri orqali yetkazib beriladi. 2026 yildan boshlab Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti hajmi yana o‘sib, yiliga 11 milliard kub metrga yetishi kutilmoqda.



