Qirg‘izistonda uydagi zo‘ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirish chora-tadbirlari doirasida uy zo‘ravonlari manzillarini kuzatish uchun ularga elektron braslet taqiladi. Prezident Sadir Japarov 16 oktyabr kuni «Qirg‘iziston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi tegishli qonunni imzoladi.
Hujjat mamlakat Jogorku Keneshi (parlament) tomonidan 11 sentyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, uning maqsadi — Qirg‘iziston tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro va milliy majburiyatlarga, xususan, BMT deklaratsiyasi va «Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi konvensiya qoidalariga rioya etilishini yaxshilashdan iborat.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi va «Oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritadi. Asosiy yangilik — bu oiladagi zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan elektron kuzatuvdan foydalanish. Sud shaxsga GPS-brasletini uch oygacha taqish buyrug‘ini berishi mumkin.
Bundan tashqari, maishiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarning hibsdagi muddati 7 kundan 14 kunga uzaytirildi. Braslet taqmaslik yoki tuzatish dasturidan bo‘yin tovlaganlik uchun shaxs xuddi shunday muddatga hibsga olinishi mumkin.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 70-moddasidagi «Oiladagi zo‘ravonlik»ga «ta’qib qilish» atamasi qo‘shildi. Endilikda ichki ishlar organlariga oiladagi zo‘ravonlikka oid kelish tushgan har bir xabarning xavf darajasini baholash vakolati beriladi.
Avvalroq Qirg‘iziston Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Almazbek Zarilbek uulu maishiy zo‘ravonlikka qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga izoh berarkan, amaldagi nazorat choralari yetarli darajada samara bermayotganini ta’kidlagan edi.
«Bugungi kunda ichki ishlar idoralari tomonidan oiladagi zo‘ravonlik holatlariga tezkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda va jabrlanganlarga himoya orderlarini bermoqda. Biroq, ularning ijrosi ustidan nazorat yetarli darajada emas. Shu bois, biz ushbu chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun elektron brasletlardan foydalanishni taklif qildik», — dedi Zarilbek uulu o‘z chiqishlaridan birida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi ikki yildan buyon probatsiya tizimi doirasida elektron brasletlardan muvaffaqiyatli foydalanmoqda, shuning uchun yangi qonunni amalga oshirish uchun zarur texnik infratuzilma tayyor. Mobil operatorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalarni mustaqil ravishda olib tashlash mumkin emas. Ular tajovuzkorning jabrlanuvchiga yaqinlashini cheklash va harakatlarini nazorat qilish imkonini beradi, ularga ma’lum bir hududni tark etishni taqiqlaydi.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatda 5 mingga yaqin vaqtinchalik himoya orderi berilgan bo‘lsa, dastlabki o‘n oyda ularning soni 12 mingga yetdi. Ushbu orderlarning aksariyati ayollarga berilgan, ammo erkaklar va voyaga etmaganlar ham ularni olgan.
Almazbek Zarilbek uulu, shuningdek, qayd etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi davlat organlari faoliyati yaxshilanganidan dalolat berishini ta’kidladi, chunki ilgari «bu hodisalar ko‘p hollarda vakolatli organlar e’tiboridan chetda qolgan». Yangi chora tegishli idoralarga sud-huquq cheklovlari ijrosini yanada samarali nazorat qilish imkonini berishi kutilmoqda, bu esa, vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, «ijobiy samara beradi va aholining ushbu masalani hal etishda davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi».



