Pokiston hukumati afg‘on muhojirlarini mamlakatdan majburan chiqarib yuborish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya boshladi. Masalan, Kvetta shahrida xavfsizlik kuchlari muhojirlarga uylarini tark etishlari uchun bir hafta muhlat bergan. Aks holda, chet elliklar jarima va hibs bilan tahdid qilinmoqda, deb xabar beradi Khaama.com.
Politsiya komissari o‘rinbosari Mansur Ahmad Afg‘oniston fuqarolariga uylari va do‘konlarini bo‘shatishlari uchun yetti kun muhlat berilganini tasdiqladi. Bu muddatdan so‘ng qattiq tekshiruvlar boshlanadi. Topshiriqni buzganlar javobgarlikka tortiladi. Pokiston rasmiylari o‘z harakatlarini noqonuniy qochqinlarga qarshi kurash kampaniyasining bir qismi sifatida tushuntirmoqda.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, o‘tgan hafta chegara keskinlashuvining navbatdagi bosqichidan so‘ng afg‘onlarga nisbatan bosim kuchaygan. Eslatib o‘tamiz, bir nechta nazorat-o‘tkazish punktlarida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan, so‘ngra havodan zarbalar berilgan. Buning oqibatida har ikki tomondan o‘nlab qurbonlar bo‘lgan. Biroq, tez orada Afg‘oniston va Pokiston rasmiylari vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi.
Ayni paytda Pokistonning turli shaharlaridan Afg‘oniston fuqarolariga bosim o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Mamlakat janubidagi Karachi shahrida xavfsizlik kuchlari qochqinlar yashaydigan manzilgohlardagi uylarni buzib tashlamoqda. Chet elliklar yerni qonuniy yo‘l bilan olganliklarini da’vo qilishsa-da, mahalliy amaldorlar ularni egalik huquqidan mahrum qilib, yer egallab olishning oldini olish bahonasida afg‘on aholisini haydab, binolarini vayron qilishmoqda.
Karachi politsiyasiga ko‘ra, birgina 15 oktyabr kuni «Afg‘on tumani» deb ataladigan hududda 300 dan ortiq uy va bir qancha do‘konlar buzib tashlangan. Rasmiylar qarshilik ko‘rsatgan muhojirlar qo‘lga olinganini qo‘shimcha qilib, operatsiyani davom ettirishga va’da berishmoqda.
Politsiya tomonidan vayron qilingan qochqinlar lagerida 3000 ga yaqin uy bor, ularda 15 000 afg‘on istiqomat qiladi. Biroq, qo‘shnilarining so‘zlariga ko‘ra, yangi kelganlarning ko‘pchiligi allaqachon yurtiga qaytishgan va hozirda bu hududda 1500 nafarga yaqin xorijlik bor.
Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif vaziyat yuzasidan bayonot berib, Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgargani, shu sabab qochqinlar vataniga qaytishlari talab qilinishini bildirdi. Islomobod, shuningdek, o‘nta afg‘on qochqinlar lagerini yopish va xorijliklar mulkini davlatga o‘tkazishga qaror qilgan.
2021 yili «Tolibon»* harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, millionlab afg‘onlar qo‘shni Pokistonga qochib o‘tishgan. Ular radikallar tomonidan ta’qib qilinishi, hayot sifatining keskin yomonlashishi va inson huquqlarining ommaviy buzilishidan qo‘rqishgan.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan xorijda boshpana topolmagan afg‘onlar vataniga qaytishmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida Eron va Pokistondan 2 milliondan ortiq afg‘on ortga qaytgan va bu Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni yanada kuchaytirgan.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.