O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokida Farg‘ona tinchlik forumini o‘tkazdi

ismi.uz sayti fotosurati

15-16 oktyabr kunlari Farg‘ona shahrida birinchi Farg‘ona tinchlik forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) xabar berdi.

Forum SMTI tomonidan BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT) va Yevropa Ittifoqi vakillari, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonlik hamkasblar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Osiyo, Yevropa va Amerikadagi tahlil markazlari ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlaridan fuqarolik jamiyati, biznes, ilmiy doiralar vakillari, faol yoshlar ishtirok etdi.

SMTI direktori Eldor Aripov forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yo‘lidagi qadam ekanini ta’kidladi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan «Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizolar, mojarolar davri o‘tmishda qoldi, bugun Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi», degan so‘zlarini esladi.

«O‘nlab yillar davomida Farg‘ona vodiysi murakkab ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilindi. Bugun esa u yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini qanday yengib o‘tish mumkinligi bo‘yicha namunaga aylanmoqda», – dedi Eldor Aripov.

Birinchi forumning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:

▪️ Farg‘ona vodiysini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlarni ishlab chiqish;

▪️ Hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ichki va tashqi resurslar va investitsiyalarni jalb qilish;

▪️ Farg‘ona vodiysidagi chegara nizolarini hal etish tajribasini boshqa hududlarda davlatlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yish «namunasi» sifatida targ‘ib qilish;

▪️ Farg‘ona vodiysining ishonch, muloqot va millatlararo totuvlik maydoni sifatidagi xalqaro qiyofasini yaratish.

Forum yakunlari bo‘yicha yakuniy kommyunike qabul qilindi. Tadbir vodiy davlatlarida har uch yilda bir marta o‘tkaziladi.

ℹ️ Farg‘ona vodiysi Markaziy Osiyodagi eng zich joylashgan hudud bo‘lib, 17 million kishi istiqomat qiladi. Uning hududi uchta davlat: O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston tomonidan taqsimlanadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida, ya’ni O‘zbekistonda hokimiyat almashganidan so‘ng, vodiyning yalpi hududiy mahsuloti (YAHM) joriy narxlarda deyarli to‘rt barobarga oshib, 7,9 mlrd dollardan 19,8 mlrd dollargacha yetdi. Shu davrda real o‘sish 60%ni tashkil etdi.

Farg‘ona vodiysi eksporti 2,4 baravarga oshib, 2,7 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyod oshib, 1,6 milliard dollarga yetdi.

2017-2024 yillarda vodiyda 31,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 975 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi, kambag‘allik darajasi 13,9 foizdan 8,6 foizga kamaydi.