Rossiya va Turkmaniston soddalashtirilgan bojxona koridorini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Ushbu qaror tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish bo‘yicha ma’muriy amaliyotlarni osonlashtiradi, deb xabar beradi Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) Telegram-kanali.
13 oktyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ikki davlat bojxona organlari vakillari tegishli kelishuvni imzoladilar. Yig‘ilishda delegatsiyalarga Rossiyadan Bosh vazir o‘rinbosarlari Marat Xusnullin va uning turkman hamkasbi Nokerguli Ataguliyev boshchilik qilgan.
Tadbir doirasida bojxonachilar Rossiya tomonidan FXB rahbari o‘rinbosari Sergey Shklyayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar deklaratsiyaning soddalashtirilgan tartibi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilganini ta’kidlagan.
Shuningdek, ikki davlat tomonidan bojxona to‘lovlarini yanada samarali va tezkor hal etish hamda yaqin hamkorlikni ta’minlash imkonini beruvchi vakillar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shklyayev va uning turkmanistonlik hamkasbi, shuningdek, vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi shartnomalar loyihalarini va tovarlar va transport bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha bayonnomalarni imzolashga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgan.
Ushbu hujjatlar, Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, nafaqat bojxona qoidabuzarliklari xavfini minimallashtirish va nazorat samaradorligini oshirish, balki biznes savdo operatsiyalarini amalga oshirishdagi moliyaviy va vaqt xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Trans.ru nashrining yozishicha, ayni paytda Turkmaniston Rossiya uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, chunki «Shimol-Janub» xalqaro transport koridorining sharqiy tarmog‘i Markaziy Osiyo respublikasi hududidan o‘tadi. Bu marshrut Rossiya kompaniyalariga Eron portlari orqali dengizga qo‘shimcha chiqish imkonini beradi, bu esa sanksiyalar cheklovlari sharoitida savdo oqimlarini Yaqin Sharq va Afrikadagi bozorlarga yo‘naltirish imkonini beradi.