Janubiy Koreya korporatsiyasi «Urganch» xalqaro aeroportini boshqarish huquqini rasman qo‘lga kiritdi

Uzbekistan Airports matbuot xizmati fotosurati

Janubiy Koreyaning Incheon korporatsiyasi O‘zbekiston hukumatidan «Urganch» xalqaro aeroportini boshqarish huquqini rasman qo‘lga kiritdi. Tegishli kelishuv 15 oktyabr kuni Toshkentda imzolandi, deb xabar beradi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Hujjatni Markaziy Osiyo respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirokida Uzbekistan Airports kompaniyasi boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev, Incheon Corporation prezidenti Li Xag Je (Lee Hag-jae) va «Urganch» aeroporti direktori Oybek Matkarimov imzoladi.

Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi aeroportni modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirishni ham qamrab oladi. Xorijiy investor yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarishni, shu jumladan yerga xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya kompaniyasi aerodrom majmuasini, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni quradi.

Umarxo‘jayev ta’kidlaganidek, bu hamkorlik O‘zbekiston aeroportlari infratuzilmasini rivojlantirishda yangi sahifa ochadi.

«Janubiy koreyalik hamkasblarimizning dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan birini boshqarish bo‘yicha tajribasi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatini mustahkamlash uchun zamin yaratadi», —dedi Uzbekistan Airports bshqaruvi raisi.

O‘zbekiston kompaniyasi matbuot xizmatining eslatishicha, o‘tgan yilning avgust oyida «Qurilish, boshqarish va topshirish» (built — operate — transfer) modeli asosida «Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish» bo‘yicha tender e’lon qilingan edi.

Joriy yilning aprel oyida tenderning barcha bosqichlari yakunlandi va Janubiy Koreyaning Incheon korporatsiyasi g‘olib deb topildi. Darvoqe, ushbu kompaniya Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik transport markazlaridan biri bo‘lgan Seuldagi «Inchxon» xalqaro aeroportini boshqaradi. Ushbu aeroport bir necha bor dunyodagi eng rivojlangan va gavjum aeroportlar o‘ntaligidan joy olgan. Masalan, 2024 yili u 80 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

Shu yilning may oyida «Urganch» aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi 223 million dollarga tushishi xabar qilingan edi. Incheon rahbariyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2027 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan rekonstruksiyadan so‘ng aeroportning yo‘lovchilarga xizmat qo‘rsatish qobiliyati uch baravardan oshib, soatiga 1300 yo‘lovchini tashkil etadi. Shuningdek, u Boeing 747 va Airbus A350 kabi laynerlarni qabul qila oladi.